Ispaniyaning Talgo kompaniyasi O‘zbekiston temir yo‘llari bilan taxminan 80 mln yevro qiymatidagi shartnoma imzolaganini ma‘lum qildi.
Tomonlar Toshkent, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlari orasida qatnaydigan 6 ta Talgo 250 (Afrosiyob) tezyurar poyezdiga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shartnoma 10 yil muddatga tuzildi.
Talgo ma‘lumotlariga ko‘ra, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi kelishuv kompaniyaning O‘zbekistondagi eng yirik shartnomasi bo‘ldi. Bunga qadar kompaniya O‘TY bilan 15 yil davomida shartnomalar tuzib kelgan edi.
Talgo ishlab chiqargan tezyurar poyezdlar O‘zbekistonda 2011-yildan beri qo‘llanilmoqda. 9 ta vagondan iborat dastlabki ikkita tarkibni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar 2009-yildayoq imzolangan edi.
Keyinchalik O‘zbekiston temir yo‘llari yana to‘rtta poyezd sotib olishga kelishib oldi va ular 2017 hamda 2021-yillarda yetkazib berildi. Shuningdek, davlat kompaniyasi birinchi tarkiblarni 11 ta vagongacha kengaytirish uchun qo‘shimcha vagonlar xarid qildi.
2023-yilning yozida Talgo O‘zbekistonga to‘rtta yangi tezyurar poyezd yetkazib berishga tayyorligini bildirgan edi. O‘TY matbuot xizmati aniqlik kiritib, poyezdlarni xarid qilish hali rasmiylashtirilmaganini va kompaniya boshqa yetakchi temir yo‘l transporti ishlab chiqaruvchilarining takliflarini ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qilgandi.
Avvalroq Toshkent-Xiva tezyurar poyezdi 2026-yil martidan keyin ishga tushirilishi aytilgandi.
