Avvalroq OAVda Ispaniyadan O‘zbekistonga Talgo kompaniyasining 4 ta tezyurar “Afrosiyob” elektropoyezdi keltirilishi haqida xabarlar tarqalgandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” mazkur xabar bo‘yicha raddiya bildirdi.

Unga ko‘ra, “Talgo” kompaniyasi rahbari Karlos Palasio Oriol O‘zbekiston elchisi Jahongir G‘aniyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston uchun yana to‘rtta “Afrosiyob” elektropoyezdi ishlab chiqarishga tayyorligini bildirgan.

“Shuningdek, buyurtmani moliyalashtirish uchun Ispaniya hukumati huzuridagi Ispaniya kompaniyalarini xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIEM) dan uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni jalb qilish mumkinligini taklif etdi, xolos”, deyiladi xabarda.

Jamiyatning qayd etishicha, xarid qilinadigan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarni faqatgina “Talgo” kompaniyasidan emas, balki, yo‘lovchilarning takliflarini o‘rgangan holda, dunyoning boshqa elektropoyezdlar ishlab chiqaradigan kompaniyalardan ham xarid qilish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning mutasaddi mutaxassislari tomonidan mazkur yo‘nalishdagi kompaniyalarning takliflari o‘rganilmoqda.

Bunda, mamlakatning qish va yoz mavsumidagi iqlim sharoitlari inobatga olinib, yo‘lovchilarni tashish sharoit va qulayliklari, yo‘lovchilar sig‘imi va boshqa jihatlar o‘rganilmoqda.

Shuningdek, kompaniya 34 ta elektropoyezd sotib olish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilgan. Harakat tarkibini yangilash hamda elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha “Stadler”, “Skoda”, “Talgo”, “Hyundai”, “CAF”, “Siyemens”, “Alstom”, “Hitachi”, “Pesa”, “CRRC-Dalian” kabi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda.