Raqobat qo‘mitasi avtomobillarni xarid qilish, yetkazib berish va servis bilan bog‘liq murojaatlarni o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Natijada isteʼmolchilarning qonuniy huquqlari tiklandi. Jumladan, Buxoro viloyatida sifatsiz yoqilg‘i sabab avtomobilga yetkazilgan 14,4 mln so‘mlik zarar qoplab berildi.
Fuqaro yoqilg‘i quyish shoxobchasidan xarid qilingan AI-95 benzindan so‘ng avtomobilida nosozlik yuzaga kelganini bildirgan. Maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra, zarar to‘liq undirilgan.
Jizzax viloyatida nuqsonli motor aniqlangan Chevrolet Tracker Premier Plus avtomobili yangisiga almashtirildi. Samarqandlik fuqaroning murojaati asosida avtosalon tomonidan xuddi shu narxdagi yangi avtomobil berildi.
Qashqadaryo viloyatida 10 oy davomida yetkazilmagan Cobalt avtomobili egasiga topshirildi. Avtosalon belgilangan muddatga amal qilmagani aniqlanib, avtomobil yetkazib berilishi ta‘minlandi. Navoiy viloyatida Onix avtomobilidagi nuqsonlar bartaraf etilib, nosoz akkumulyator yangisiga almashtirildi.
Samarqand viloyatida to‘liq to‘lov qilingan, biroq o‘z vaqtida yetkazilmagan Cobalt avtomobili bo‘yicha murojaat qanoatlantirilib, avtomobil qisqa muddatda topshirilishi ta‘minlandi.
Surxondaryo viloyatida 173 mln so‘mlik Chery avtomobilida yuzaga kelgan nosozliklar avtosalon tomonidan to‘liq ta‘mirlandi. Toshkent viloyatida kafolatdagi KIA Sonet avtomobilida aniqlangan texnik nosozlik bepul bartaraf etildi. Avtosalon avtomobil moyi va filtrini to‘liq yangisiga almashtirib berdi.
Toshkent shahrida nuqsonli Damas-2 D2 Style Plus avtomobili xuddi shu rusumdagi yangisiga almashtirildi.
Raqobat qo‘mitasi iste‘molchilarga avtomobil xaridi va servis bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda hududiy boshqarmalarga murojaat qilishni tavsiya etdi.
Avvalroq Poytaxt Parking pulli parkovkalar bozorida ustun muzokara kuchiga ega deb topilgandi.