2030-yilga borib O‘zbekistondagi uchta bankda islomiy moliya xizmatlari paydo bo‘ladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish hamda kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Dastlab 2027-yilda mamlakatdagi bitta bankda islomiy mahsulotlar joriy etiladi, 2029−2030 yillarda esa ularning soni uchtaga yetkaziladi. Ushbu tashabbuslar tijorat banklari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Buning uchun Markaziy bank mas’ul etib belgilangan.

Regulyator 2030-yilgacha O‘zbekistonda kamida 10 ta to‘laqonli islomiy bank paydo bo‘lishini kutmoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning ta’kidlashicha, an’anaviy banklarda ham “islomiy darchalar” ochiladi — bunday xizmatlarni uchta davlat bankida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq u davlat banklari hali aniqlanmaganini qo‘shimcha qildi.

Markaziy bank islomiy moliyani yashirin iqtisodiyotdagi mablag‘larni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida ko‘rmoqda. Turdaliyevga ko‘ra, aholining yarmi islomiy mahsulotlarni afzal ko‘rishi mumkin, biroq an’anaviy bank xizmatlaridan butunlay voz kechuvchilar ulushi ancha kam.

BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) so‘rovnomasiga ko‘ra, aholining 68%i, tadbirkorlarning esa 60%i diniy eʼtiqodi sabab, anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

2025-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar"ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.

Markaziy bank islomiy moliya standartlarini belgilash va banklar huzuridagi shariat kengashlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi va ularning notarial harakatlari mol-mulkni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi.

Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.

Avvalroq xalqaro ekspert Xondamir Nusratxo‘jayev islom moliyasida foizsiz bankning qanday ishlashi mumkinligini va butun model nima uchun “puldan pul” yaratishga emas, balki haqiqiy aktivlarga asoslanganligini Spot’ga tushuntirib bergandi.