Buyuk Britaniyada fastfud va zararli ovqatlar (junk food) reklamasiga cheklovlar kuchga kirdi. Bu haqda qirollik Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi xabar bermoqda.

Soat 21:00 gacha televizorda zararli oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilish taqiqlandi, shuningdek, internetda bunday reklamalar butunlay man etildi.

The Guardian nashrining xabar berishicha, mazkur chora bolalar semizligiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat strategiyasi doirasida joriy qilindi.

Reklama standartlari boshqarmasi (ASA) tomonidan nazorat qilinadigan yangi qoidalarga ko‘ra, tarkibida yog‘, shakar va tuz miqdori yuqori bo‘lgan 13 toifadagi mahsulotlarni kunduzi va kechqurun televizorda, shuningdek, onlayn targ‘ib qilish mumkin emas.

Food Foundation ijrochi direktori Anna Teylor qarorni bolalarni zararli oziq-ovqatlarning tajovuzkor marketingidan himoya qilishda “jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan muhim qadam” deb atadi.

Me’yorlar endi rasman kuchga kirgan bo‘lsa-da, reklama sanoati oktabr oyidan boshlab ularga ixtiyoriy ravishda amal qilib kelmoqda.

Bu allaqachon an’anaviy shirinliklar va pudinglar o‘rniga meva va sabzavotlar taklif etilgan g‘ayrioddiy Rojdestvo reklamalari kampaniyalarining paydo bo‘lishiga olib keldi.

Cheklovlar ko‘pincha foydali deb hisoblanadigan mahsulotlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bular qatoriga buterbrodlar, krendellar va quruq nonushtalar toifasidagi ko‘plab mahsulotlar — suli yormasidan tortib myusligacha kiradi.

Shu bilan birga, istisnolar ro‘yxati murakkab va ziddiyatligicha qolmoqda: hatto tarkibi o‘zgartirilgan ba’zi mahsulotlarni ham, agar hokimiyat organlari ularni semirishga sabab bo‘ladi deb hisoblasa, reklama qilish taqiqlangan.

Kelgusi yillarda cheklovlar semiz bolalar sonini 20 ming nafarga kamaytirishi va sog‘liqni saqlash xarajatlarini 2 mlrd funt sterlingga (joriy kurs bo‘yicha $2,7 mlrd yoki 32,4 trln so‘m) qisqartirishi kutilmoqda.

Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, maktabning birinchi sinfiga qadar 22% bolalar ortiqcha vaznga ega, bitiruvchilar orasida esa bu ko‘rsatkich 35% dan oshadi. Ko‘pincha 5 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalar noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli stomatologik muammolar tufayli kasalxonalarga yotqiziladi.

Bolalar semizligiga qarshi kurashish uchun Buyuk Britaniya hukumati mamlakat bo‘ylab oziq-ovqat savatini yaxshilashga qaratilgan “sog‘lom ovqatlanish standarti"ni joriy etdi. Mahalliy hokimiyat maktablar yaqinida tez ovqatlanish joylarini ochishni cheklash huquqiga ega bo‘ldi.

“Nosog‘lom oziq-ovqat reklamasini [televideniyeda] cheklash va uni onlayn taqiqlash orqali biz nosog‘lom oziq-ovqatning ortiqcha namoyishini olib tashlaymiz va bolalar va ularning ota-onalari uchun sog‘lom tanlovni osonlashtiramiz”, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Eshli Dalton.

Bundan tashqari, Britaniyada 2018-yildan beri amalda bo‘lgan shirin ichimliklarga aksiz solig‘i sutli kokteyllar va boshqa mahsulotlar savdosidan olinadi. Aksiz solig‘i summasi:

  • Shakar miqdori 5 grammdan 8 grammgacha bo‘lgan ichimliklarning 100 millilitri uchun litriga 18 pens (2916 so‘m);
  • 24 pens (3888 so‘m) — 100 ml da 8 gramm va undan ortiq shakar bo‘lganda.

Shuningdek, Buyuk Britaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tarkibida kofein miqdori yuqori bo‘lgan energetik ichimliklarni sotishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, hukumat veyplarni reklama qilishni taqiqlovchi va ularga nikotinli suyuqliklarda ta’m beruvchi qo‘shimchalardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini tayyorladi.


Avvalroq Spot bolalar uchun fast-fud va energetik ichimliklar reklamasini cheklash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, maktab va bog‘chalarda iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tuzish taklif etilmoqda.