Endi ekologik toifasi aniqlangan avtotransport vositasiga ekologik stikerni Yagona portal orqali olish mumkin. Bu haqda portal Telegram-kanalida xabar berildi.

Buning uchun my.gov.uz sayti yoki mobil ilovasiga kirib, Ekologik stiker yoki Transport bo‘limidan “Avtotransport vositasiga ekologik stiker olish” xizmatini tanlash lozim.

Ma‘lumotlar avtomatik shakllanadi, fuqaro faqat arizani tasdiqlaydi. Tayyor stiker 10 kun ichida uyga yetkazib beriladi.

Stikerning o‘zi va ariza topshirish bepul. Faqat pochta orqali uyga yetkazish xizmati uchun 20 600 so‘m to‘lanadi.

Noyabr oyida hukumat qarori bilan avtotransport vositalariga ekologik stikerlarni berish tartibi belgilangandi. Avtomobillar quyidagi mezonlarga ko‘ra ekologik toifalarga ajratiladi:

— benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi:

  • Yevro-2 va undan yuqori ekologik sinfiga (Yevro va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi avtomobillar — “toza”;
  • Yevro-0 va Yevro-1 — “o‘rta”.

— dizelda harakatlanuvchi avtomobillar:

  • Yevro-4 va undan yuqori — “toza”;
  • Yevro-3 — “o‘rta”;
  • Yevro-0, Yevro-1 va Yevro-2 — “zararli”.

Shuningdek, gibrid, muqobil yoqilg‘ida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan transport vositalari “toza” toifa oladi.

Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etiladi. U barcha turdagi avtomobillarning havoga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini belgilangan me’yorlarga mosligini nazorat qiladi. Ekologik stikerlar ham ushbu tizim doirasida beriladi.

Ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi. Tizim doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi, ungacha esa haydovchilar uchun tushuntirish va tayyorgarlik davri bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2027-yili uzunligi 50 km bo‘lgan birinchi pulli yo‘l paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi.