Nikoh shartnomalarini tasdiqlash tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga ko‘ra, notariuslar tomonidan nikoh shartnomasi notarial idora binosida, videokonferensaloqa orqali yoki murojaat qiluvchilarning xohishiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtiriladi.

Murojaat qiluvchi shartnomani rasmiylashtirish uchun notarial idoraga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki YIDXP (my.gov.uz) yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Notarius murojaat qiluvchi (lar)ning shaxsiga aniqlik kiritadi.

Shartnomani tasdiqlashda notarius taraflarning nikoh yoshiga yetgan-yetmaganini hamda ular o‘rtasida nikoh tuzilgan yoki tuzilmaganini tekshiradi.

Shuningdek, taraflardan birining boshqa shaxs bilan nikohi qayd etilmaganligi va ilgari mazkur masala bo‘yicha shartnoma tuzilmaganligi aniqlanadi.

To‘lovlar amalga oshirilib, shartnoma loyihasi to‘liq tayyor bo‘lgandan so‘ng, taraflar shartnomani imzolash uchun notarius huzuriga bir vaqtda taklif etiladi.

Shartnomaning barcha nusxalarini taraflar familiyasi, ismi va otasining ismini to‘liq yozib notarius ishtirokida shaxsan imzolaydi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda nikoh shartnomalarini targ‘ib qilishni qo‘llab-quvvatlagandi.


Spot, avvalroq, aliment to‘lovchilar sug‘urta polisi orqali xorijga borib kelishi haqida yozgandi.