Nestle Food kompaniyasi O‘zbekiston hududida bolalar ozuqasi mahsulotlarining cheklangan miqdorini ixtiyoriy ravishda qaytarmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Bu mahsulotlar qatorida tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalar, shuningdek, aminokislotalar asosidagi maxsus diyetik davolash uchun quruq aralashmalarning ayrim partiyalari kiradi. Jumladan:

  • NAN 1 OPTIPRO — 51490346AB, 51750346AA, 51900346AE, 51760346AA, 52180346AB, 52670346AE, 52680346AD, 51500346BA, 51910346BA partiyalari;
  • NAN 2 OPTIPRO — 5172080622, 5206080621, 5298080624, 5205080661, 5206080661, 5289080661, 5290080661, 5204080611, 5205080611 partiyalari;
  • NAN Kislomolochniy (0−12 oy) — 51230017A1 partiyasi;
  • NAN Supreme (0−12 oy) — 52790742C1 partiyasi;
  • ALFARÉ Amino — 51050017Y2, 51470017Y1, 52730017Y1 partiyalari.

Ushbu mahsulotlarni qaytarib olish amaliyoti ehtiyot chorasi sifatida amalga oshirilmoqda. Bu Nestlé tomonidan tashqi yetkazib beruvchidan olingan xom ashyoda (araxidon kislotasi) sereulid toksini bo‘lishi mumkinligi aniqlangan ehtimoliy xavf sabab, butun dunyoda ayrim partiyalarni ixtiyoriy ravishda qaytarish choralarining bir qismi hisoblanadi.

“Ushbu ingrediyentning miqdori juda kam va O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarida sereulid toksini miqdorini normalash talab etilmasa-da, Nestlé kompaniyasining ehtimoliy xavflarni kamaytirish bo‘yicha global qarori doirasida Nestle Food MCHJ XK 2026-yil 5-yanvardan boshlab bolalar ozuqasi mahsulotining cheklangan partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarish choralarini amalga oshirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, kompaniyada mahsulotni qaytarish qarori “qat'iy sifat hamda xavfsizlik protokollariga muvofiq” qabul qilinganini qayd etildi. Nestle Food regulyatorni xabardor qilgan. Kompaniya iste’molchilar hamda mijozlarga choralar haqida barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Qaytarib olish chorasi faqat yuqorida keltirilgan partiyalarga tegishli bo‘lib, Nestlé tomonidan O‘zbekistonda taqdim etilayotgan boshqa bolalar ozuqasi turlariga taalluqli emas. Ularni xarid qilgan iste’molchilar Nestle Food belgilaydigan tartibda qaytarishlari mumkin.

Avvalroq Spot 36 turdagi asosiy mahsulotlar uchun bojxona bojining nol stavkasi muddati uzaytirilgani haqida yozgandi.