Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim shartlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Amaldor bu tashabbusni bir kun avval AQSH Davlat departamenti tomonidan kiritilgan yangi viza talablari bilan bog‘ladi. Qirg‘iziston fuqarolari Amerika vizalarini olish uchun ariza topshirishda $15 minggacha garov to‘lashlari shart.

“Viza siyosati — bu tenglik va o‘zaro hurmat masalasi. Agar fuqarolarimiz uchun bunday yuqori to‘siqlar joriy etilsa, biz o‘zimizni hech narsa bo‘lmagandek tuta olmaymiz”, — deya ta’kidladi Baysalov.

X.com foydalanuvchisi izohida Qirg‘izistonning javob choralari mamlakatga kirishni butunlay taqiqlashga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, “munosabatlarni yaxshilash yo‘lida qadamlar qo‘yish” ga chaqirdi. U AQSH Qozog‘iston va O‘zbekistonga nisbatan hech qanday cheklovlar joriy qilmaganini alohida qayd etdi.

Viza garovi

AQSH Davlat departamenti 6- yanvar kuni fuqarolari uchun viza berishda garov talabi amal qiladigan mamlakatlar ro‘yxati kengaytirilishini e’lon qildi. 21-yanvardan boshlab yangi shart 25 davlat, jumladan, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun kuchga kiradi.

Talab dastlab 2025-yil avgust oyida Malavi va Zambiya uchun joriy etilgan, ammo keyinchalik bir necha bor kengaytirildi — xususan, 1-yanvardan boshlab u Turkmaniston fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi. Amerika tomoni ro‘yxatdagi mamlakatlar fuqarolari tomonidan turistik va ishbilarmonlik vizalari (B-1 va B-2) bo‘yicha bo‘lish muddatlari tez-tez buzilayotganini ta’kidlamoqda.

Garov miqdori $5000 dan $15 minggacha — aniq miqdor elchixona yoki konsullikdagi viza suhbatida aniqlanadi. Garov to‘lovi viza berilishini kafolatlamaydi, deya ta’kidladi AQSH tashqi siyosat idorasi.

Garov vizasi olgan xorijliklar AQShga faqat Logan (Boston), Kennedi (Nyu-York) va Dallas (Vashington) aeroportlari orqali kirishlari mumkin. Agar sayohatchi viza muddati tugashidan oldin Amerika hududini tark etsa, garov puli avtomatik ravishda qaytariladi.

O‘zbekistonda nima gap?

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil mayida O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Prezident Tashqi ishlar vazirligiga AQSH fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim bo‘yicha takliflar kiritishni topshirdi. O‘z navbatida, Amerika tomonidan o‘zbekistonliklar uchun viza talablari yengillashtiriladigan bo‘ldi.

3-noyabr kuni davlat rahbari Amerika fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. U 1-yanvardan kuchga kirdi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari maslahatchisi Komil Allamjonov ma’lum qilishicha, oktabr oyidagi uchrashuvda AQSH davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau va AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor amerikaliklar uchun vizalarni bekor qilish masalasini ko‘targan. Uning aytishicha, O‘zbekiston AQShdan kelgan sayyohlar uchun ochiq.

Allamjonov, shuningdek, B1/B2 (shaxsiy yoki ish safari) vizalarini 1 yildan 10 yilgacha uzaytirish “O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi katta qadam” bo‘lishini ta’kidladi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev noyabr oyida O‘zbekiston va AQSH fuqarolar va tadbirkorlar uchun viza rejimini soddalashtirishni rejalashtirganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Boeing 787−9 Dreamliner partiyasini xarid qilish mamlakatlar o‘rtasidagi sayohatlarni rivojlantirishga ko‘maklashishi kerak.


Avvalroq Spot O‘zbekistonliklar 50 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.

O‘zbekiston 2030-yilgacha vizasiz borish mumkin bo‘lgan davlatlar sonini 50 taga, soddalashtirilgan kirish rejimiga ega mamlakatlar sonini esa 60 taga yetkazishni rejalashtirmoqda