Amerikalik investor, Beeland Interests kompaniyasi rahbari Jim Rojers O‘zbekistonning bir qator kompaniyalari aksiyalarini sotib oldi. Bu haqda tadbirkor RBC Investitsiya va RBC radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Rojers 2025-yil oxiriga kelib investitsiya portfeliga O‘zbekiston aktivlarini qo‘shdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, unga “Toshkent” fond birjasida sotilayotgan aksariyat emitentlarning aksiya paketlari kiritilgan.
“Men birjada sotilayotgan aksiyalarning ko‘p qismini sotib oldim — ular uncha ko‘p emas va men deyarli barchasini sotib oldimkiritdim”, dedi Rojers nashrga.
Tadbirkor O‘zbekistonning suveren qarziga sarmoya kiritmaganini va faqat aksiyalar xarid qilganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u so‘mga ishonch bildirdi va milliy valyutadagi o‘z pozitsiyalarini xedjlashga ehtiyoj sezmadi.
Shu bilan birga, Rojers o‘tgan kuzda Rossiya kompaniyalarining barcha qimmatli qog‘ozlarini broker orqali sotgan.
Oldingi suhbatlarga ko‘ra, tadbirkor avvalroq Aeroflot, FosAgro, Sistema aksiyadorlik moliya korporatsiyasi, Moskva birjasi aksiyalariga hamda federal qarz obligatsiyalariga egalik qilgan.
“Hozircha menda Rossiya aksiyalari yo‘q. Men Rossiyada hammasini sotdim”, — deya Rojersning so‘zlarini keltiradi RBC.
Investorning aniqlik kiritishicha, u “shunchaki brokerga qo‘ng‘iroq qilgan” va Rossiyada do‘stona bo‘lmagan rezidentlar uchun bitimlar cheklanganiga qaramay, qimmatli qog‘ozlarni sotishni so‘ragan.
Rojers sotuvdan tushgan pullarni Mosbirjadagi hisob raqamida qoldirdi va kelajakda Rossiyaga yana sarmoya kiritishga umid bildirdi.
Investor Xitoydan oldinroq sotib olgan kompaniya aksiyalarini hozirgacha sotmagan. Biroq, u kelajakda ularni sotish ehtimolini inkor etmadi va Xitoy fond bozorining “deyarli uzluksiz” o‘sib borayotganini ta’kidladi.
2021-yilning yozida Jim Rojers Forbes nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonga sarmoya kiritish rejalari haqida gapirib, mamlakat investitsiyalar uchun ochiqligini qayd etgandi. Tadbirkor O‘zbekistonning turizm sohasiga, jumladan, aviakompaniyalar va mehmonxona biznesiga qiziqishini alohida ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yildan AQSH kompaniyalariga sarmoya kiritish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
