O‘zbekiston 2030-yilgacha elektromobillar ulushini 10% ga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida keltirilgan.

Kelgusi besh yilda yengil avtomobillar segmentida elektromobillar ulushini besh baravarga oshirish ko‘zda tutilgan. Rejaga ko‘ra, 2026-yilda elektromobillar barcha yengil avtomobillarning qariyb 2% ini, 2027-yilda — 2,7% ni, 2028-yilda — 5% ni, 2029-yilda esa — 7% ni tashkil etadi.

2030-yilga borib mamlakatdagi har o‘ninchi yengil avtomobil elektromobil bo‘ladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-oktabr holatiga O‘zbekistonda 86,1 mingta elektromobil ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu barcha yengil avtomobillarning 1,82% ini tashkil etadi.

Ularning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — qariyb 65 ming dona. Kuchli uchlikka sezilarli farq bilan Toshkent va Samarqand viloyatlari kirdi.

“Yashil” transport

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida elektromobillardan foydalanishni kengaytirish yanada rag‘batlantirilishini ma’lum qildi.

Xususan, ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Uning doirasida mahalliy elektromobillarga 12%li, xorijiy elektromobillarga esa 16%li avtokreditlar ajratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10%li imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 baravar arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Stansiyalarda avtomobillarni zaryadlashda 1 kVt/soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.

Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi. Biroq batafsil tafsilotlar keltirilmadi.

Avvalroq Spot 2028-yilgacha elektromobillarni zaryadlash stansiyalari va ularning ehtiyot qismlari bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi haqida yozgandi.