O‘zbekistonda hududlararo aviaqatnovlar soni 1500 dan ortiqqa oshiriladi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangilangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, keyingi besh yilda Toshkent shahri bilan bog‘lanmagan hududiy aviaqatnovlar sonini 2,5 baravarga oshirish rejalashtirilmoqda: 2026-yilda 624 taga, 2027-yilda — 728 ta, 2028-yilda — 936 ta hamda 2029-yilda 1144 taga yetkaziladi. 2030-yilga borib esa bu 1560 tani tashkil etadi.

Shu bilan birga, mamlakatda aviqatnovlarning umumiy sonini 200 mingtagacha, jumladan hududlar o‘rtasida 41 mingtagacha yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, parvozlar hajmi yilma-yil oshirib boriladi: 2029-yilda jami aviaqatnovlar 2026-yildagi 140 mingtadan 185 mingtaga, hududlararo parvozlar esa 37 mingtadan 40 mingtaga yetadi. Kelasi yil O‘zbekiston ko‘zlangan maqsadga yetmoqchi.

Bundan tashqari, kelgusi besh yilda havo transportida xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 50% ga oshiriladi: 2026-yilda — 16 mln, 2027-yil — 18 mln, 2028-yil — 20 mln, 2029-yil — 22 mln hamda 2030-yil — 24 mln.

Shuningdek, xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga, mamlakat aviaparkidagi havo kemalari sonini 180 taga yetkazish belgilanmoqda.

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkazilishini ma’lum qildi.

Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qat‘i nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida havo transporti orqali qariyb 6,5 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,2% ga (1,3 mln). Kuniga o‘rtacha 23,7 ming nafar yo‘lovchi tashilgan.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airways ichki reyslarda kechikkan yo‘lovchilarning qaytish chiptalarini bekor qilmasligi haqida yozgandi. Aviakompaniya O‘zbekiston bo‘ylab parvozlarda chipta bo‘yicha yo‘nalish ketma-ketligini buzgan yo‘lovchilar uchun yangi tartiblarni joriy etdi.