O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun subsidiyalar joriy etiladi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori (VMQ-6) qabul qilindi.

Kelgusi ikki yilda “Umra plyus” dasturi doirasida Indoneziya va Malayziyadan 100 ming ziyoratchini jalb etish ko‘zda tutilgan. Yil oxirigacha Turizm qo‘mitasi ushbu ikki davlatdan ziyoratchilarni jalb qilgani uchun turoperatorlarga subsidiyalar to‘laydi.

Har bir sayyoh uchun kompaniyalar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan $100 oladi. Turizm qo‘mitasi va boshqa davlat organlari bir oy ichida to‘lovlarning aniq tartibini tasdiqlashlari kerak.

“Umra plyus” dasturini amalga oshirish uchun Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligida ishchi guruh tuziladi. Uning tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov;
  • Transport vaziri Ilhom Mahkamov;
  • Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov;
  • Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom Aloyev;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov;
  • Din ishlari qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev;
  • Madaniy meros agentligi boshlig‘i Bahodir Abdukarimov;
  • O‘zstandart agentligi direktori Akmal Jumanazarov;
  • Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov;
  • Xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov;
  • O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov;
  • Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudayqulov;
  • Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev.

15-yanvardan boshlab Malayziya va Indoneziyada “O‘zbekistonda Ramazon” hamda “Imom Buxoriy izidan” targ‘ibot kampaniyalarini boshlash topshirildi. Shuningdek, Milliy turizm platformasida “Umra plyus” turistik paketlarining onlayn savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Dasturni amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarning 10 ta samolyotini jalb etish mo‘ljallanmoqda.

Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Turizm qo‘mitasi Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand yoki Buxoro orqali Jiddaga “raqobatbardosh” narxlarda aviareyslarni tashkil etish loyihasini ishlab chiqadi. Ikki hafta ichida takliflar turoperatorlarga taqdim etilishi lozim.

Xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Umra plyus” uchun mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv-amaliy laboratoriya tashkil etiladi. Akademiya Malayziya oliy o‘quv yurtlari bilan “Turizm va mehmondo‘stlik” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta‘lim dasturlarini yo‘lga qo‘yadi.

Avvalroq Navoiyda litsenziyasiz umra safarlarini reklama qilgan ikkita firma jarimaga tortilgandi.