Meta Reality Labs bo‘limi xodimlarini qisqartirmoqchi, deya xabar bermoqda The New York Times gazetasi.

Metakoinot ustida ham ishlaydigan “Reality Labs” bo‘limida jami 15 mingga yaqin xodim faoliyat yuritadi, qisqartirishlar ularning 10%iga yaqinini qamrab oladi.

Nashrning yozishicha, ishdan bo‘shatishlarning sababi — kompaniyaning ustuvorliklarni o‘zgartirib, sun’iy intellektga e’tibor qaratayotgani.

Meta kompaniyasi ishdan bo‘shatishlar haqida rasman 2026-yil 13-yanvarda e’lon qilishi mumkin. Qisqartirishlar asosan virtual reallik qurilmalari va metakoinotdagi ijtimoiy tarmoq ustida ishlaydigan xodimlarga ta’sir ko‘rsatadi.

NYT ta’kidlashicha, iste’molchilar hozircha virtual reallik qurilmalarini sotib olishga unchalik qiziqish bildirmayapti, investorlar esa Meta xarajatlariga “xavotir” bilan qaray boshladi.

Kompaniya, jumladan, sun’iy intellekt uchun ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga ham mablag‘ sarflashni boshlagan.

Sukerberg kompaniyaning sun’iy intellekt modellari “sekin” rivojlanayotganini ko‘rib, 2025-yil aprel oyida tadqiqotchilarni yollash jarayoniga shaxsan aralashdi.

2025-yil iyul oyi boshida Meta Apple’ning sun’iy intellekt bo‘limi rahbari Pan Jominni yiliga “o‘nlab million dollar” evaziga ishga oldi.

Bloomberg, The Wall Street Journal va TechCrunch manbalariga ko‘ra, Metaga 16 nafar tadqiqotchi o‘tgan, ular orasida OpenAI’dan Aleksandr Kolesnikov va Anthropic’dan Anton Baxtin ham bor.

Metaning “superintellekt” yaratish laboratoriyasiga Scale AI asoschisi Aleksandr Van rahbarlik qiladigan bo‘ldi, mahsulotlarni ishlab chiqish yo‘nalishiga esa GitHub’ning sobiq bosh direktori Nat Fridman boshchilik qiladigan bo‘ldi.


Avvalroq Meta Instagram, Facebook va Threads’dagi 550 ming akkauntni bloklagani haqida xabar berilgandi.

Kompaniya buni Avstraliyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklovchi qonun kuchga kirishi ortidan amalga oshirgan.