Markaziy bank bir oyda 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning dekabr oyidagi yig‘ilishlarda 45 ta masala ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala muhokama qilindi. Shundan 5 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 4 tasi yangi ochilayotgan mikromoliya va kredit tashkilotlarini hisobga olish, yana 4 tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish bo‘yicha bo‘lgan.

Shu bilan birga, “tartibga solish qumdoni” asosida faoliyat yuritish borasida 1 ta, banklarga auditorlik malaka sertifikatini berish — 4 ta, banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha 12 ta masalalar ko‘rib chiqildi.

Markaziy bank, shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masalani muhokama qildi. Bular qatorida regulyator ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarining bajarilishi, banklar, kredit va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish masalalari bor.

Shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq holatlar ham tahlil qilindi.

Markaziy bank talablari, inspeksiya tekshiruvlari hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya etilmaganligi uchun 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, prudensial normativlarga rioya etilmaganligi, faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmaganligi hamda tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar uchun 10 ta bank, 1 ta to‘lov tashkiloti va 1 ta to‘lov operatoriga nisbatan ta’sir choralari va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.

Avvalroq Spot Markaziy bank O‘zbekistondagi banklar islomiy moliyaga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.