Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazib, muddatli harbiy xizmatchilar uchun yangi imtiyozlarni e‘lon qilgan edi.

Davlat rahbari mudofaa sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalasiga alohida e‘tibor qaratdi. Bu yildan boshlab kurash, qo‘l jangi, og‘ir atletika va boshqa an‘anaviy sport turlari qatorida kibersport, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish va robototexnika bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkaziladi.

“O‘zbekiston armiyasi doimo harakatchan, yuqori texnologik, yangi jangovar sharoitlarga moslashuvchan va xalqni himoya qilishga shay bo‘lishi shart”, — dedi prezident.

Mirziyoyev qo‘shinlarni sun‘iy intellektli uchuvchisiz tizimlar, robotlashtirilgan komplekslar, yengil texnika bilan jihozlashga alohida e‘tibor qaratishga chaqirdi. Shuningdek, u mudofaa sanoatiga raqamli texnologiyalar va sun‘iy intellektni joriy etishni ustuvor vazifalar qatoriga kiritdi.

Bundan tashqari, kiberxavfsizlik va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash muhim vazifalar sifatida belgilandi. Mas‘ul shaxslarga shaxsiy ma‘lumotlar va raqamli tizimlarni himoya qilish choralarini ishlab chiqish topshirildi.

2024-yil noyabr oyida prezident maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni o‘qitishni qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Hujjat yuqori sinf o‘quvchilari uchun kibersport, robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ishlash bo‘yicha tanlovlar, shuningdek, “kelajak o‘yinlari"ni tashkil etishni nazarda tutgan.

O‘zbekistonda dronlar

Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi (hozirgi — Mudofaa sanoati agentligi) 2022-yil boshida Lochin uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini ma‘lum qilgan edi. Harbiy ehtiyojlardan tashqari, ishlab chiqaruvchi uni geologiya, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, kartografiya, topografiya va boshqa sohalarda qo‘llash mumkinligini ta‘kidlagan.

2023-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston armiyasidagi harbiy uchuvchisiz uchish apparatlari bilan tanishdi. O‘shanda ilk bor O‘zbekistonda Turkiyaning Bayraktar TB2 va Xitoyning Wing Loong qurilmalari mavjudligi ma‘lum bo‘ldi.

Sahro Drone Industry kompaniyasi 2025-yil avgust oyida Iordaniya qiroli Abdulla II ning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida o‘zi ishlab chiqargan dronlarni namoyish etdi. Firma uch oy oldin Mudofaa sanoati agentligining sho‘ba tuzilmasi ishtirokida tashkil etilgan edi.

Shuningdek, bir qator xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarish loyihalarini taqdim etdi. Malayziyaning Meraque Group kompaniyasi 2024-yilning kuzida Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan dronlar ekotizimini yaratishni nazarda tutuvchi memorandum imzoladi. Yangiyo‘l tumanida $4,7 mlnlik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Malayziyaning yana bir kompaniyasi Aerodyne rahbari Kamarul Muhamed joriy yilning mart oyida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan uchuvchisiz uchish apparatlari xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Kompaniya kelajakda gibrid dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanligini bildirdi.

Bundan tashqari, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekistonda fuqarolik dronlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari o‘rganilayotganini ma‘lum qildi. “Kelajak transporti” kompaniyasi 2025-yil oxirigacha dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini aytdi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston Airbus Helicopters‘dan Flexrotor dronlari partiyasini sotib olishi haqida xabar bergan edi.