Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yilda oltin qazib olishni 2 tonnadan ko‘proqqa oshirdi. Bu haqda kompaniyaning o‘tgan yil yakuni bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

Mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2024-yilga nisbatan 2,1% ga o‘sib, 3,09 mln (96,14 tonna) troy unsiyadan 3,16 mln (98,18 tonna) troy unsiya oltinga yetdi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymat jihatidan 135,6 trln so‘mni ($11,3 mlrd) tashkil etdi — bu bir yil avvalgi 93,9 trln so‘mga nisbatan 44,4% ko‘p.

Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir troya unsiyaning o‘rtacha qiymati o‘tgan yil oxiridagi Markaziy bank kursi bo‘yicha 43 mln so‘mdan yoki $3580 dan oshdi.

Kombinat investitsiya dasturi doirasida $561 mln yoki 2024-yilga ($790 mln) nisbatan qariyb 29% ga kamroq mablag‘ o‘zlashtirdi. Shu bilan birga, yangi investitsiya loyihalari va mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga yangi ish o‘rinlari soni qariyb to‘rt baravar ko‘payib, 2628 tani tashkil etdi.

Shuningdek, mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,4 trln so‘mlik (+45,6%) mahsulot ishlab chiqarildi. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha xaridlar 17,7% ga oshib, 7,3 trln so‘mga yetdi.

O‘tgan yil yakuniga kelib “Muruntov” konini o‘zlashtirish bo‘yicha V navbat, 1-bosqich investitsiya loyihasi to‘liq amalga oshirildi.

Loyiha doirasida $734 mln miqdorida investitsiyalar jalb qilindi, texnologik va konchilik uskunalari yetkazib berildi hamda qurilish-montaj ishlari bajarildi. Kon hududida 6 ta podstansiya, 15 ta transformator qurildi, 50 km elektr uzatish tarmoqlari, 4 km temir yo‘l va 3 km konveyer liniyalari barpo etildi.

NKMKning 2025-yilning birinchi yarmidagi moliyaviy ko‘rsatkichlari “qulay bozor konyunkturasi va sotish hajmlarining oshishi” hisobiga rekordlarni yangiladi. Kompaniya $4,7 mlrd daromad (+40,9%) va $1,51 mlrd sof foyda (+71,8%) oldi.