Markaziy bank boshqaruvining 15-yanvardagi 1/1-sonli qaroriga muvofiq, Yangi bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli samara bermagani sababli qabul qilindi.
Xususan, ustav kapitali miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam talablar darajasiga yetkazilmagan hamda banklar faoliyatiga oid ayrim talablar bajarilmagan.
Bir qator qonunlarga muvofiq, bank faoliyatini o‘rnatilgan tartibda tugatish belgilandi hamda tugatish komissiyasi tayinlanib unga tugatish ishlarini boshqarish vakolatlari o‘tkazildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchilarning 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Regulyator ushbu masala Markaziy bankning doimiy e’tiborida bo‘lishini, jarayon bosqichma-bosqich kuzatib borilishini va jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berilishini ma’lum qildi.
Yangi bank’da aniqlangan kamchiliklar
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, bank ustav kapitalining eng kam miqdori 2025-yil 1-yanvardan boshlab 500 mlrd so‘mni tashkil etishi lozim. Biroq, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Yangi bank‘ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank Yangi bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga ustav kapitalini minimal talabga muvofiq shakllantirish zarurligi bo‘yicha bir necha bor yozma ogohlantirishlar bergan. Shunga qaramay, bank bu masalada yetarli amaliy choralar ko‘rmagan.
Ustav kapitalini oshirmaslik hamda ayrim moliyaviy operatsiyalar uchun cheklovlarga amal qilmaslik “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 54-moddasiga muvofiq jiddiy qoidabuzarliklar hisoblanadi hamda bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish uchun asos bo‘ladi.
Shu bilan birga, mazkur qonunning 77-moddasi bilan bankning ketma-ket uch chorak davomida regulyativ kapitalining 10%idan ortiq miqdorda zarar ko‘rganligi yoki zarar miqdori muddatidan qat’iy nazar regulyativ kapitalning 50%idan ortiq qismini tashkil etganligi yoxud bunday zarar yuzaga kelish ehtimoli mavjudligi bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘ladi.
Markaziy bank kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash yuzasidan Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan jamoatchilikka doimiy ravishda rasmiy va ishonchli axborot berib borilishini bildirdi.
Kompensatsiya to‘lovi bo‘yicha batafsil ma’lumotni agentlikning +998−55−550−05−00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.
Banklar ustav kapitaliga talablar
2023-yilning aprel oyida prezident banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. O‘sha yilning sentabridan bu 200 mlrd so‘mni, 2025-yildan esa 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.
2024-yilning aprelida Markaziy bank ushbu talablarni bajarmagani uchun 4 ta bankning operatsiyalarini cheklagandi. Moliya institutlariga aktiv va passiv operatsiyalar — kreditlar berish va depozitlarni qabul qilish taqiqlandi.
O‘sha yilning oktabr oyiga kelib, regulyatorning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov 5 ta bankning aktiv operatsiyalari cheklanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 8 ta bank 2024-yil yakuniga qadar zaxiralarni shakllantirish bo‘yicha talablarni bajarmagan.
2025-yil boshida Markaziy bank departamenti rahbari Nusratilla Fazilov 2024-yilda 14 ta bank ustav fondi talabiga javob bermagani, ulardan faqat to‘rttasi — Saderatbank, Poytaxt bank, Yangi Bank hamda avgustda litsenziyasi bekor qilingan Qozog‘istonning Yevroosiyo banki qolganini ma’lum qildi. O‘shanda Yangi Bank bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olingani aytilgandi.
Avvalroq Spot banklardagi so‘mdagi eng daromadli omonatlar haqida yozgandi.
