Avvalroq prezident raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda bugungi geosiyosiy vaziyat oqibatida Yevropaga yuk tashish xarajati 2 karra oshgani milliy mahsulotlar raqobatdosh bo‘lishiga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotgani aytildi.
Bu borada Polsha Yevropa bozorlariga kirib borish uchun eng asosiy darvoza hisoblanishi, ushbu mamlakatdagi elchi logistika xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha takliflar bilan chiqishi kerakligi ta‘kidlandi.
Mutasaddilarga polshalik hamkasblari bilan Brest chegara punktida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilar uchun alohida yo‘lak ochish masalasida kelishuvga erishish topshirildi.
Bundan tashqari, mas‘ul vazirliklarga O‘zbekiston va Ruminiya hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazib, iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish topshirildi.
Ruminiyaning Konstansa shahrida savdo uyini tashkil etib, 2026-yilda ushbu davlatga eksportni 2 karra oshirish muhimligi ta‘kidlandi.
Avvalroq O‘zbekiston Yevropaga mineral o‘g‘it eksportini oshirishi haqida xabar berilgandi.
