Rossiyada WhatsApp messenjeri 2026-yildayoq to‘liq bloklanishi mumkin. Bu haqda Davlat dumasi deputati va axborot siyosati bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Andrey Svinsovga tayanib, TACC xabar bermoqda.
Uning fikricha, Roskomnadzor 2026-yil oxirigacha mamlakatda xizmat faoliyatini uzil-kesil cheklaydi.
Xususan, uning ta’kidlashicha, bu messenjer Rossiyada ekstremistik deb tan olingan va 2022-yildan beri taqiqlangan Meta kompaniyasiga tegishli.
“Va bunday qat’iy choralar, ayniqsa saylovoldi yilida, mutlaqo asosli”, — deya ta’kidladi Svinsov.
Deputatning qo‘shimcha qilishicha, uning do‘stlari va tanishlarining aksariyati WhatsApp’dan Telegram yoki Max messenjerlariga o‘tgan.
Rossiyada WhatsApp’ga qarshi cheklovlar 2025-yil o‘rtalaridan boshlab qo‘llanilmoqda. Avgust oyida Roskomnadzor Telegramdagi kabi messenjerda ham qo‘ng‘iroqlar funksiyasini bloklagan edi.
Oktabr oyida ikkala platformaga qarshi “qisman cheklovlar” joriy etildi. Shundan so‘ng foydalanuvchilar uzilishlar, jumladan, xabarlar yuborish va media fayllarni yuklashdagi muammolar haqida faol shikoyat qila boshladilar.
Noyabr oyining oxirida shikoyatlar soni ko‘paydi. Shu bilan bir vaqtda, Davlat dumasida WhatsApp’ni to‘liq bloklash faqat vaqt masalasi ekanligi haqida bayonotlar berildi.
O‘shanda Roskomnadzor ham, agar platforma Rossiya qonunchiligiga rioya qilmasa, unga nisbatan to‘liq bloklashgacha bo‘lgan cheklovlarni joriy etishda davom etishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Whatsapp messenjerida 9 ta yangi funksiya qo‘shilgani haqida yozgandi.
Endi o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlarni kuzatish, audio chatda reaksiyalar yuborish, Meta AI yordamida tasvirlar yaratish kabi funksiyalardan foydalanish mumkin.