Ericsson Shvetsiyada 1600 nafar xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bu taxminan shtat xodimlarining 12%ini tashkil qiladi va qaror 5G tarmoqlariga investitsiyalar sur’atining sekinlashuvi fonida qabul qilingan.
Shvetsiyaning telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi mahalliy kasaba uyushmalari bilan muzokaralarni boshladi.
Kompaniya shtat qisqartirilishini texnologiyalarga investitsiyalarni saqlab qolgan holda xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan “global tashabbuslar"ning bir qismi ekanini izohladi.
Reuters’ning yozishicha, 2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra kompaniyada qariyb 90 ming xodim ishlagan, shundan taxminan 12,6 ming nafari Shvetsiyada bo‘lgan.
Agentlik qayd etishicha, kompaniya mamlakatda 2023-yilda ham (1 400 kishi) va 2024-yilda ham (1 200 kishi) qisqartirishlar o‘tkazgan.
The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, sohada 5G'ga investitsiyalar sur’ati sekinlashmoqda: ayrim yirik mijozlar tarmoqlarni joriy etishning dastlabki bosqichini yakunlagan, operatorlar esa iqtisodiy istiqbollardagi noaniqlik fonida sarmoyani ehtiyotkorlik bilan kiritmoqda.
Kompaniyalar AQSH bojlaridan kelib chiqadigan muammolarga ham duch kelmoqda — Ericsson holatida bu komponentlar va materiallar xaridi bilan bog‘liq.
Shved guruhi vakilining aytishicha, mobil tarmoqlar bozori hanuz o‘sayotgani yo‘q. Inflyatsion bosim saqlanib qolishi mumkin, shu bois kompaniya xarajatlarni qisqartirishga majbur.
Avvalroq Xiaomi o‘z zavodlarida odamlarni robotlar bilan almashtirishi haqida xabar berilgandi.
Kompaniya rahbari Ley Junning ma’lum qilishicha, taxminan besh yildan keyin zavodlarda odamsimon robotlar joriy etila boshlaydi.
