Qashqadaryoda 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi quriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Abu-Dabida o‘tkazilgan Abu Dhabi Sustainability Week 2026 doirasida barqaror rivojlanish, energetika sohasidagi hamkorlik, investitsiyalarni jalb qilish hamda DXSH asosida amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, shuningdek, tegishli tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 MVt·soatli energiya saqlash tizimi (BESS)ni o‘z ichiga olgan loyiha bo‘yicha moliyalashtirish masalalari yuzasidan kelishuv imzolandi.

Mazkur loyiha BAAning Masdar kompaniyasi ishtirokida DXSH asosida amalga oshiriladi.

Loyihani moliyalashtirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyaviy resurslar jalb etiladi.

Shuningdek, moliyalashtirish paketida Kanada va Finlyandiya hukumatlari mablag‘lari, Yaponiya bilan hamkorlik jamg‘armasi doirasidagi resurslar hamda bank instrumentlari nazarda tutilgan.

Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shu bilan birga, 280 mingtaga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta‘minlash imkoniyati yaratiladi.

G‘uzor loyihasi Masdar kompaniyasining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida bo‘lib, ushbu loyihalarning umumiy quvvati taxminan 2 GVtni tashkil etadi.

Mazkur yo‘nalishda jalb etilgan investisiyalar hajmi $2 mlrddan ortdi.


Avvalroq ulgurji isteʼmolchilar elektr energiyasini soatbay narxlarda xarid qilishi mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.