Yanvar oyida o‘zbekistonliklarning chiqindi tashish bo‘yicha qarzi 9 mlrd so‘mdan oshdi, deya xabar berdi Chiqindilarni boshqarish agentligi.
15-yanvar holatiga ko‘ra, 118 646 abonentga sanitar tozalash xizmatlari uchun to‘lovlar amalga oshirilmagani haqida SMS-xabarnomalar kelib tushgan. Xabarlar Hududiy elektr tarmoqlarining 2100 qisqa raqamidan keladi.
Bildirishnoma olgan fuqarolarning umumiy qarzdorligi 9,3 mlrd so‘mni tashkil etadi. Hozirda ogohlantirish jarayoni davom etmoqda.
Agar abonent xabarnomadan keyin 5 kun ichida qarzni to‘lamasa, HET Billing tizimi elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni cheklaydi.
Agentlik chiqindilarni olib chiqib ketish sohasidagi taklif va shikoyatlarni 1205 qisqa raqamiga yuborishni tavsiya qiladi.
1-noyabrdan Toshkentda chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar kuchga kirdi.
Birinchi haftada qariyb 25,1 ming kishi 2,24 mlrd so‘mlik qarzdorlik to‘g‘risida xabarnoma oldi, shundan 6 ming abonent 5 kunlik muddat tugaganidan so‘ng cheklovlarga duchor bo‘ldi.
Yangi tizim dekabr oyida butun O‘zbekiston bo‘ylab ishlay boshladi. O‘shanda 231 ming abonent Hududiy elektr tarmoqlaridan 20,1 mlrd so‘mlik qarzdorlik haqida ogohlantirish olgan, shundan dastlabki besh kunda 9,4 mlrd so‘m to‘langan.
Cheklovlar faqat 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘plangan chiqindi qarzlariga taalluqli bo‘lib, ushbu sanagacha bo‘lgan qarzlarga ta’sir qilmaydi.
Qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon tizimidan HET Billingga uzatiladi.
O‘zbekistonliklarning chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorligi 1-yanvar holatiga ko‘ra (o‘tgan yillarni hisobga olgan holda) 622,7 milliard so‘mni tashkil etdi. “Toza makon” tizimidan amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 211,9 milliard so‘mlik hisob-kitoblar chiqarib tashlandi.
Avvalroq China Everbright Namanganda chiqindi yoqish zavodi qurilishini boshlagani haqida xabar berilgandi.
Zavod kuniga 1500 tonna chiqindini utilizatsiya qilishga mo‘ljallangan. Uni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
