Avvalroq Spot 15-yanvar kuni Markaziy bank boshqaruvi Yangi Bankdan bank faoliyati litsenziyasini qaytarib olish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida yozgandi. Natijada O‘zbekistondagi banklar soni 35 tadan 34 taga kamaydi.
Regulyator boshqaruvi, shuningdek, kredit tashkilotining to‘rt kishidan iborat tugatish komissiyasi tarkibini tasdiqladi:
- Azamat Guseynovich Xusainov — Yangi Bank kuzatuv kengashi raisi, komissiya rahbari;
- Xadiyeva Umida Yuldashevna — Yangi Bank bosh buxgalteri;
- M.Soatov — Yangi Bank g‘aznachilik departamenti direktori;
- N.I.Abbosov — Omonatlarni kafolatlash agentligi bosh direktori o‘rinbosari.
Tugatish komissiyasi kreditorlarning mablag‘larni qaytarish to‘g‘risidagi talablarini 16-martgacha quyidagi manzilda qabul qiladi: O‘zbekiston, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 99-uy.
Kreditorlar o‘z talablarini Tugatish komissiyasiga yozma shaklda, ariza va talablarni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga taqdim etishlari shart.
Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:
- kreditor haqida umumiy ma’lumotlar;
- yuridik shaxslar uchun — tashkilotning to‘liq nomi, pochta manzili va bank rekvizitlari;
- jismoniy shaxslar uchun — shaxsiy identifikatsiya raqami, pochta manzili va bank rekvizitlari (mavjud bo‘lsa);
- elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa).
Talablar belgilangan tartibda va to‘liq hujjatlar bilan taqdim etilishi zarur.
Arizada elektron pochta manzilining ko‘rsatilishi kreditorning bankka nisbatan o‘z talablarining turi va summasi haqidagi xabarnomalarni, shuningdek, talablarini to‘liq qanoatlantirishda rad javobi berilgan taqdirda, bu haqda elektron shaklda xabarnomalarni olishga rozilik berganligini anglatadi.
Agar mijozning karta yoki omonatidagi mablag‘lar hisoblangan foizlar bilan birga 200 mln so‘mdan oshmasa, komissiya ofisiga borish shart emas. Mablag‘lar qonunda belgilangan muddatlarda (15 ish kunigacha) Omonatlarni kafolatlash agentligi (OKA) tomonidan to‘lab beriladi.
Omonatchi kafolatlangan omonat bo‘yicha kompensatsiya miqdoridan (200 mln so‘m) ortiq summani tugatish komissiyasidan talab qilish huquqiga ega. Keyingi jarayonlar O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tugatish komissiyasi omonatchilarga mablag‘larni qaytarib beradigan bank-agent va ularni olish tartibi haqida qo‘shimcha ma’lumot beradi. Mijozlarga Yangi Bank va Omonatlarni kafolatlash agentligi (OKA) rasmiy saytlarida hamda ularning ijtimoiy tarmoqlaridagi e’lonlarni kuzatib borish tavsiya etildi.
Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qilishicha, komissiya omonatchilar reyestrini tuzish uchun taxminan 8 ish kuni vaqt oladi. OKA reyestr tayyor bo‘lgach, 2 ish kuni ichida agent-bankni e’lon qiladi — taxminan 28-yanvar atrofida.
Omonat bo‘yicha kompensatsiyalar, qo‘yilgan talablardan qat’i nazar, qonunchilikda belgilangan muddatlarda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan to‘lab beriladi. Batafsil ma’lumotni OKAning ishonch telefoni orqali olish mumkin: +998555500500.
Avvalroq Yangi Bankning zarari 171 mlrd so‘mga yetgani, uning asosiy qismi 2025-yilga to‘g‘ri kelishi haqida xabar berilgandi.
