Sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning tegishli farmoni bilan mamlakatda ekologik jihatdan xavfli va energiya sarfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilinib, bosqichma-bosqich shaharlar tashqarisiga ko‘chirilmoqda.

Xususan, maxsus komissiya tomonidan sanoat korxonalari poytaxt hududidan tashqariga ko‘chirilmoqda. Bitta korxonani ko‘chirish shaharda yiliga 226 tonnadan ortiq tashlamani qisqartirishi mumkinligi qayd etildi.

Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlaridan asbest va sement sanoati, charm-poyabzal hamda parrandachilik ishlab chiqarishlari, qora va rangli metallurgiya, shuningdek, energiya iste’moli yuqori bo‘lgan boshqa tarmoq korxonalarini ko‘chirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahrida faoliyati yuqoridagi talablarga mos keladigan 87 ta korxona mavjud bo‘lib, ular mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni yangi ekologik standartlarga muvofiqlashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich ko‘chirish rejalashtirilgan.

Maxsus komissiya poytaxtda o‘tkazilgan reydlar davomida Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida joylashgan, ekologik xavflilikning I toifasiga mansub O‘zikkilamchiranglimetall (O‘zvtorsvetmet) korxonasi faoliyatini tekshirdi. 2025-yil oktabridagi o‘rganishlarda korxonaga majburiy ko‘rsatma berildi hamda 18,91 mlrd so‘m miqdorida ekologik zarar kompensatsiyasi hisoblandi.

Maxsus komissiya va Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qaroriga muvofiq, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi, Yangihayot tumanida ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatiladi.

Kompensatsiya doirasida eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinib, ishlab chiqarish zamonaviy, ekologik talablarga mos uskunalarda davom ettiriladi.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida yiliga o‘rtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi hamda hududda havo sifati yaxshilanishi kutilmoqda.

Avvalroq avtomobillar uchun ekostikerlarni onlayn olish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni Yagona portal orqali topshirish mumkin, stikerni qabul qilib olishda 20 600 so‘m pochta to‘lovi mavjud.