01

Nima bo‘ldi?

2025-yilning 12-avgustida prezident “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda asosiy yangilik — 2030-yil 31-dekabrgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishi. Bu tartib to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari, ya’ni mobil ilovalar orqali davlat va moliyaviy xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Endilikda YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bitta ilova orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va to‘liq o‘z faoliyatini amalga oshirishlari mumkin. Bunda elektron raqamli imzodan foydalanish talab etilmaydi, hujjatlarni biometrik identifikatsiya hamda SMS orqali tasdiqlash mumkin bo‘ladi.

YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun boshqa o‘zgarishlar qatorida:

  • yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4% dan 1% gacha pasaytiriladi;
  • daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliq to‘lashni boshlaydi;
  • YTTlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi bekor qilinadi.

02

Bunga maxsus QR-kodning nima aloqasi bor?

Qaror nafaqat imtiyozlar, balki yangi talablarni ham joriy etadi. Jumladan, har bir YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxsda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi shart. U raqamli platforma orqali yaratiladi.

Maxsus QR-kodlarning mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasi yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi. Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq, bunday qonunbuzarlik 5 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

03

Maxsus QR-kodni qanday olish mumkin?

Bunday kodni faqat maxsus raqamli platformalar generatsiya qila oladi.

04

Qanday maxsus platformalar mavjud?

Bugungi kunda prezident qarorida belgilangan talablarga faqat bitta — Paynet ilovasidagi Xolis xizmati javob beradi. Keyinchalik boshqa platformalar ham yaratilishi mumkin, Soliq qo‘mitasi allaqachon boshqa to‘lov tashkilotlari bilan birgalikda bu borada ishlar olib bormoqda.

05

Paynet Xolis’dan foydalanish majburiymi?

O‘tgan yil oxiri va joriy yil boshida tadbirkorlarni Xolis xizmatini o‘rnatishga majburlash, ularga jarima solish bilan tahdid qilish va turli bosim o‘tkazish holatlari haqida xabarlar tarqalgandi.

Keyinchalik Soliq qo‘mitasi Xolis’dan foydalanish ixtiyoriy ekanligini ma’lum qildi. Biroq, qonunga ko‘ra YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus QR-kodga ega bo‘lishlari shart. Boshqa platformalar hali mavjud emasligi sababli esa, Xolis ushbu kodni olishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda.

06

Xolis xizmati bepulmi?

Ilovaga ro‘yxatdan o‘tish va undan foydalanish bepul. Biroq, Paynet hisobidan pul yechib olish uchun ma’lum miqdorda komissiya mavjud:

  • Uzcard va Humo kartalariga — 0,9%;
  • naqd pul yoki hisob raqami: komissiya 1%.

Tizim ichidagi pul o‘tkazmalari foizsiz — Xolis’dagi hisobidan Paynet hamyoniga komissiyasiz pul o‘tkazish mumkin.

Kamchiliklar:

  • hozircha korporativ kartalar bilan to‘lovlarni qabul qilish;
  • pulni qaytarish imkoniyati mavjud emas.

Keyinchalik Xolis funksiyalari kengaytirilishi rejalashtirilgan.

07

Raqamli platformalar faqat QR-kodlar uchunmi?

Yo‘q. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus raqamli platformalar yaratilmoqda — biznesni ro‘yxatga olishdan tortib, to‘lovlarni qabul qilish, soliq idorasiga hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayon bir joyda amalga oshiriladi.

Maxsus ilovalar quyidagilarni taqdim etadi:

  • biznes boshlash — masofaviy Face ID va SMS-xabar yuborish orqali YTT yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
  • ERIsiz hujjatlar — shartnomalar, dalolatnomalar va hisobvaraq-fakturalarni SMS-xabar orqali tasdiqlash yordamida imzolash mumkin. Ular qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi;
  • biznes hamyon — platformadagi elektron hamyon bank hisobvaraqlarining o‘rnini bosadi. Undan oylik to‘lash, hamkorlar va davlat bilan hisob-kitob qilish mumkin. Bankda oddiy hisob ochish endi shart bo‘lmaydi.

08

Avvalgidek ishlasa bo‘ladimi?

Ha, mumkin. YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bundan keyin ham oddiy kassa apparatidan foydalanish imkoniyatiga ega.

Agar tushumning bir qismi QR-kod orqali, bir qismi kassadan o‘tsa — ikki xil hisobot yuritiladi:

  • QR-kod bo‘yicha hisobotni platforma avtomatik hisoblaydi;
  • kassa bo‘yicha esa tadbirkor o‘zi hisobot topshirib, soliq to‘laydi.

Muhim: barcha tushum kassa orqali bo‘lsa ham, maxsus QR-kod baribir bo‘lishi shart. Aks holda 5 mln so‘m jarima qo‘llanadi.

09

Kimlarga QR-kod kerak emas?

Quyidagilar uchun maxsus QR-kod talab qilinmaydi:

  • taksi haydovchilari (o‘zini o‘zi band qilgan yo‘lovchi tashuvchilar);
  • kuryerlarga (tovarlarni yetkazib berish);
  • marketpleyslarda savdo qiluvchi sotuvchilarga.

Ushbu tartib agar ular ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq idorasiga uzatuvchi agregatorlar orqali ishlaganda (masalan, Yandex yoki Uzum) amal qiladi.

10

Maxsus va yagona QR bir xil narsami?

Yo‘q. Bular turli vositalar:

  • maxsus QR-kod faqat YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun mo‘ljallangan;
  • yagona QR-kod Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilmoqda hamda yuridik shaxslar uchun ochiq bo‘ladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar 2026-yil 1-iyuldan unga o‘tishlari shart.

11

Yana nimalarni bilish kerak?

Jismoniy shaxslar tovarlarni sotishda mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlarini (MXIK) qo‘llashlari mumkin. Biroq maxsus QR-kod orqali to‘lov amalga oshirilganda, xaridorlar Soliq ilovasi orqali chekni skanerlashda qaytariladigan 1% miqdoridagi keshbekni ololmaydi.