Safia qandolatchilik tarmog‘i Turkmaniston va Ozarbayjon bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 21 yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda kompaniya hammuassisi Bekzod Samig‘jonov ma’lum qildi.
Safia vakili Qozog‘istonda o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash muammosi haqida xabar berdi. Kompaniya u yerda 10 ga yaqin qandolat do‘konini ochgan. Bir yil davomida Safia $7−8 mln qiymatidagi qandolat mahsulotlarini eksport qilgan.
Ammo O‘zbekistondan kelgan ishchi kuchiga qo‘yilgan cheklov sababli bir xodim hatto mamlakatdan chiqarib yuborildi. Tadbirkorning aytishicha, agar kompaniya 4−5 kishini ishga olishga muvaffaq bo‘lsa, Safia’ni “qiyin ahvolga” solib qo‘ygan muammo bartaraf etiladi.
“Biz franshiza yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydik va qo‘shni Tojikistonda filial ochdik. Agar ishonchli hamkorlar topilsa, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa qo‘shni davlatlarda (Turkmanistonda ham — Spot izohi) franshiza asosida o‘z savdo nuqtalarimizni ochishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Samig‘jonov.
Safia hammuassisi 5 yil ichida eksport “muammosiz” $50 mlnga yetishi mumkinligini ta’kidladi. O‘tgan yili qandolatchilik korxonasi Tojikistonga mahsulot yetkazib berishni boshladi va Qirg‘izistonda hamkorlar topgan.
Bekzod Samig‘janov Tojikistonda qandolat mahsulotlariga 15% lik boj amal qilishini, O‘zbekistonda esa imtiyozlar tufayli Tojikiston mahsulotlariga hech qanday boj qo‘llanilmasligini ma’lum qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisiga mart oyida bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo komissiya yig‘ilishiga qandolat mahsulotlariga boj bo‘yicha taklif ishlab chiqishni topshirdi.
“Bugungi kunda biz Qozog‘iston va Tojikiston bozorlariga kirib bordik, shuningdek, Turkmaniston va Ozarbayjon bozorlariga ham chiqishni rejalashtirmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi Safianing hammuassisi.
Bosh vazir o‘rinbosari Savdo-sanoat palatasiga xorijiy mamlakatlarga chiqishda mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmini ishlab chiqishni taklif qildi.
2025-yil dekabr oyi oxirida prezident oziq-ovqat va tovarlar importiga nol bojlarni 2027-yil 1-yanvargacha uzaytirdi. Farmon ta’sir doirasiga qandolat mahsulotlari ham kiradi.
Avvalroq Spot Bon! Qozog‘istonda o‘zining birinchi filialini ochgani haqida yozgandi.
Tarmoqning birinchi filiali Chimkentda ochilgan bo‘lib, yaqin 3−4 yil ichida mamlakatda jami 30 ga yaqin filial ochish rejalashtirilmoqda.
