Bon! qahvaxonalar tarmog‘i Qozog‘istonda o‘zining birinchi restoranini ochdi. Bu haqda Spot’ga ABNMB Bon Group bosh direktori Bekzod Ashurov ma’lum qildi.
Ilk filial Chimkent shahrining Mega Planet savdo markazida joylashgan. Qozog‘iston brend uchun O‘zbekistondan tashqaridagi birinchi mamlakat bo‘ldi.
Behzod Ashurovning aytishicha, Chimkent tanlanishiga uning O‘zbekistonga yaqinligi, milliondan ortiq aholisi va bozorni o‘rganish uchun qulayligi sabab bo‘lgan. U shuningdek, bu shahar orqali Qozog‘iston bozorida Bon! brendining qay darajada mos kelishini sinab ko‘rish niyatida ekanini bildirdi.
Ashurovga ko‘ra, aynan Chimkent tanlanishiga logistika qulayligi sabab bo‘lgan. Masofa yaqinligi mahsulotlarni tez yetkazish va muammolarni tez hal etish imkonini beradi. Shuningdek, bu yerda o‘zbeklar va ularni tanigan odamlarning ko‘pligi ham tanlovga ta’sir qilgan.
Ashurovning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi birinchi filial to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyaning o‘zi tomonidan ochilgan. Hozir o‘rganish ishlari olib borilmoqda va kelajakda filiallar franshiza asosida ochilishi rejalashtirilgan. Bu jarayon bir yoki ikki yil davom etishi mumkinligini u qayd etdi.
Behzod Ashurovning aytishicha, Qozog‘istondagi rejalar doirasida Chimkentda yana 2−3 ta filial ochish va logistika markazini qurish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, u tarmoq keyingi ikki yil ichida Olmaotada faoliyat boshlashni, so‘ng esa Ostonaga chiqishni, yaqin 3−4 yil ichida jami 30 ga yaqin filial ochishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Chimkentdagi birinchi Bon! qahvaxonasi. Foto: 2GIS
Sentabr oyida O‘zbekistondagi pitsa tarmog‘i Bellissimo Pizza Qozog‘istonda o‘zining birinchi restoranini ochgandi.
Ilk filial mamlakat poytaxti — Ostona shahrining Sig‘anak ko‘chasidagi “Yashil mahalla” turar-joy majmuasida joylashgan. Qozog‘iston brend uchun O‘zbekistondan tashqaridagi birinchi mamlakat bo‘ldi.
Tarmoq poytaxtdagi ikkinchi filialni sentabr oyi oxirida, uchinchisini esa oktabr oyining birinchi yarmida ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
“Kompaniyaning maqsadi uch yil ichida Qozog‘istonda filiallar sonini qariyb 200 taga yetkazish bo‘lib, bunda asosan milliondan ortiq aholisi bo‘lgan shaharlarga e’tibor qaratiladi va franchayzing tarmog‘i faol rivojlantiriladi”, deyiladi xabarda.
Bellissimo Pizza asoschisi Farrux Abdullayev Qozog‘iston strategik muhim bozor sifatida ko‘rilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ostona tarmoq uchun birinchi xalqaro manzil sifatida tanlandi.
