O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan avtomobillarda taksichilik qilish cheklanishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi muhokamaga qo‘ygan “Transport to‘g‘risida"gi qonun loyihasida so‘z borgan.

Loyihaga ko‘ra, yo‘nalishsiz taksilar tashqi va ichki maʼlumotlarni nazarda tutuvchi belgilarni o‘z ichiga olgan yagona tanish belgilari bilan jihozlanadi.

Yagona tanish belgilari transport oqimida avtotransport vositasining ajralib turishini va tanilishini taʼminlash uchun mo‘ljallangan. Ular yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchilarni tashiydigan barcha tashuvchilar uchun majburiy hisoblanadi.

Yo‘nalishsiz taksilarni tashqi maʼlumotlar bilan jihozlash yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar uchun mo‘ljallangan maxsus seriyadagi davlat raqami belgisi hamda transport vositasining old va orqa eshiklariga chiziladigan alohida tanish belgisini o‘z ichiga oladi.

Yo‘nalishsiz taksilarni ichki maʼlumotlar bilan jihozlash taksi pasportini joriy etish orqali amalga oshiriladi.

Taksi pasportida yuridik shaxs nomi va manzili, tashuvchi yoki haydovchining F.I.O.si, fotosurati, faoliyat hududi, telefon raqami, avtotransport vositasining davlat raqami belgisi, ishlab chiqarilgan yili hamda litsenziya varaqasi haqidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.

Taksi pasporti avtotransport vositasi ichida yo‘lovchilar bemalol o‘qiy oladigan holatda o‘rnatiladi.

Yo‘nalishsiz taksilar to‘lovlarni agregator yoki boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Taksining texnik holati va jihozlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq bo‘lishi shart.

Shahar yo‘nalishlarida foydalaniladigan avtotransport vositasining ekspluatatsiya muddati 15 yildan oshmasligi belgilanadi.

Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi mavjud bo‘lishi talab etiladi. Yo‘nalishsiz taksilar taksometr funksiyalarini taʼminlaydigan maxsus ilovaga ega moslamalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.

2025-yilning aprelida hukumat qarori bilan yo‘nalishsiz taksi faoliyati uchun taksi pasporti joriy etilishi belgilangandi.

Spot, avvalroq, 1-fevraldan O‘zbekistonda chiqqaniga 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanishi haqida yozgandi.