Amazon yana minglab ish o‘rinlarini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Reuters nashri.

Vaziyatdan xabardor ikki manbaning aytishicha, kompaniya kelgusi hafta ish o‘rinlarini qisqartirishning ikkinchi bosqichini o‘tkazadi.

Qayd etilishicha, bu tadbir taxminan 30 ming korporativ xodimni qisqartirish bo‘yicha keng ko‘lamli maqsadning bir qismi hisoblanadi.

Bu 2022-yil oxirida kompaniya 27 mingga yaqin lavozimni qisqartira boshlaganidan beri Amazondagi eng yirik ish o‘rinlari qisqarishi bo‘ladi.

Oktabr oyida kompaniya taxminan 14 ming nafar ofis xodimini qisqartirdi. Bu Reuters agentligi dastlab xabar qilgan rejalashtirilgan 30 ming nafar xodimning yarmiga to‘g‘ri keladi.

Manbalarga ko‘ra, bu safar ham qisqartirishlar umumiy soni o‘tgan yilgidek bo‘lishi kutilmoqda va seshanba kunidan boshlanishi mumkin.

Amazon rejalarini muhokama qilishga vakolati bo‘lmagani sababli, manbalar o‘z ismlarini oshkor qilmaslikni so‘rashdi.

Manbalarga ko‘ra, qisqartirishlar Amazon Web Services, chakana savdo, Prime Video va xodimlarni boshqarish (People Experience and Technology) bo‘limlaridagi ish o‘rinlariga ta’sir qiladi,

Ammo o‘zgarishlarning to‘liq ko‘lami hali aniq emas. Manbalar Amazon rejalari tafsilotlari o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Amazon 2033-yilga borib robotlar hisobiga 600 mingga yaqin amerikalik ishchini yollashdan qochish imkonini beradigan avtomatlashtirishni joriy etish niyatida.

Amazon robototexnika jamoasi kompaniyaning barcha operatsiyalarining 75%ini avtomatlashtirish ustida ishlamoqda. Bu 2027-yilga borib AQShda 160 ming ish o‘rni qisqarishiga olib kelishi kutilmoqda.

Ushbu avtomatlashtirish sa’y-harakatlari kompaniyaga 2025−2027-yillar oralig‘ida $12,6 mlrd tejash imkonini berishi kutilmoqda.