O‘zbekiston 2025-yilda Rossiyadan tabiiy gaz importini sezilarli darajada oshirdi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining (XEA) gaz bozori bo‘yicha hisobotida aytiladi.

XEA ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiya Qozog‘iston orqali “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri bo‘ylab quvur gazini yetkazib berishni taxminan 30% ga — 7 mlrd kub metrdan ortiq hajmga oshirdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Rossiya va Turkmanistondan gaz importi qiymat jihatidan 1,2% ga — $1,65 mlrdgacha qisqargan.

O‘tgan yilning oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashgan edi. Xususan, “Gazprom” O‘zbekistonga yiliga 7,7 mlrd kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomani amalga oshirishni davom ettirayotgani ma‘lum qilindi. Bu 2024-yilda yetkazib berilganidan (5,64 mlrd kub metr) 2 mlrd kub metrga ko‘pdir.

Shu tariqa, gaz importi qiymatining biroz kamayishi Turkmanistondan yetkazib berish hajmining qisqargani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘tgan yil dekabrida Energetika vaziri qo‘shni davlatdagi avariya tufayli O‘zbekiston gaz tizimida sutkalik 6 mln kub metr tanqislik yuzaga kelganini ma’lum qilgandi. Ehtimol, gap Turkmaniston haqida ketmoqda.

Energetika vazirligi ham, Milliy statistika qo‘mitasi ham an‘anaviy ravishda gaz importining fizik hajmi va 1 ming kub metr narxi haqida ma‘lumot bermaydi. Kommersant ma‘lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston Rossiya gazini 1 ming kub metr uchun $160 dan sotib olgan.

Agar avvalgi $160 narx hisobga olinsa, 7,7 mlrd kub metr gaz importi kamida $1,23 mlrdga tushgan, bu jami ko‘k yoqilg‘i importi qiymatining 74% dan ortig‘ini tashkil etadi. Qolgan $427 mln esa Turkmanistondan yetkazib berilgan gaz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dastlab, 2025-yilga borib O‘zbekistonga Rossiya gazi importini 11 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan edi, bu 2023-yilda yetkazib berilgan hajmdan to‘rt baravar ko‘pdir. 2024-yil may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yetkazib berishni ko‘paytirish uchun Markaziy Osiyo — Markaz quvur tizimining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish ustida ish olib borilayotganini ma‘lum qildi.

Avvalroq Jahon banki Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini yaratish uchun $143 mln ajratgani haqida xabar berilgandi.