Hermès Parijdagi erkaklar moda haftaligida Boombox Plume sumkasini musiqa markazi shaklida namoyish etdi.

Qayd etilishicha, bu mashhur Plume Fourre-Tout sumkasining yangicha talqini hisoblanadi.

Sumka haqiqiy musiqa markaziga o‘xshaydi, ammo karnaylar o‘rniga charm qo‘shimchalar ishlatilgan. Sumkada ekvalayzer mavjud bo‘lib, uning surgichlaridan biri kasseta ko‘rinishidagi hamyon joylashgan bo‘linmani ochadi.

Ekvalayzerning tepasida analog radio chastotalarini o‘zgartiruvchi moslamaga o‘xshatib yasalgan chaqmoq bor.

Model yuqori sifatli charmdan tayyorlangan va barcha jihozlari palladiydan ishlangan. Aksessuar ikki xil rangda taqdim etilgan: qora va jigarrang.

Narxi rasman e’lon qilinmagan, biroq Hermèsning boshqa sumkalari narxini hisobga olsak, u $10 mingdan past bo‘lishi ehtimoldan yiroq.

Avvalroq Hermès narxi $15 minglik quloqchinlarni taqdim qilgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, quloqchin modeli simsiz Bluetooth va simli ulanishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Minimalistik va o‘ziga xos dizaynga ega simsiz quloqchinlarni yaratish murakkab vazifa bo‘lgani ta’kidlanmoqda, chunki brend Hermès'ning aslligini saqlab qolishga intilgan.