Biznes hukumatdan O‘zbekistonga shakar importiga bojni bekor qilishni so‘radi. Bu haqda 21-yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda taʼkidlandi.

Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) ijrochi direktori Alfiya Musina O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan konsentratlar, jumladan apelsin va mango importiga 10% lik bojni (TIF TN 2009) bekor qilish lozimligini taʼkidladi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Qarshiboyevga mamlakatda yetishtirilmaydigan apelsin konsentratlariga boj solish maqsadga muvofiqmi, degan savol bilan murojaat qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Iqtisodiyot va moliya vazirligiga masalani o‘rganib, ikki hafta ichida xulosa taqdim etishni topshirdi.

UzBev rahbari, shuningdek, “barcha mahalliy ishlab chiqaruvchilarning dardi” deb atagan qimmat shakar masalasini ham ko‘tardi. Hozirda oq shakarga 20% miqdorida (TIF TN 170199) import boji solinadi.

Jamshid Xodjayev O‘zbekiston “2027-yildan aksizlarni bekor qilishini” ma‘lum qildi. Ehtimol, bosh vazir o‘rinbosari import va mahalliy mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirish rejalarini nazarda tutgan.

“Bizda [shakar] ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita yirik loyiha bor. Umid qilamanki, 2−3 yil ichida mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirib, yo‘lga qo‘ya olamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

2020-yildan boshlab oq shakar importiga yana 20% miqdorida aksiz solig‘i joriy etilgan edi, ammo aprel oyida pandemiya tufayli yil oxirigacha yana nol stavka qaytarildi.

2021-yildan boshlab shakar importiga yana 20% aksiz solig‘i belgilandi va nol bojxona boji bekor qilingandi. Prezident 2025-yil 1-oktabrdan import qilinadigan oq shakarga aksiz solig‘ini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi, biroq boj saqlanib qolgan.

Avvalroq 2026-yilda alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz soliqlari qanday o‘zgargani haqida xabar berilgandi.