Silk Avia aviakompaniyasi ikkita samolyot ta‘mirlanishi sababli reyslar sonini qisqartirdi. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov ma‘lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.
Uzbekistan Airways tarkibiga kiruvchi Silk Avia ixtiyorida beshta ATR-72 samolyoti mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi qariyb ikki oydan beri bo‘sh turibdi. Laynerlar 2018-yilda ishlab chiqarilgan, shuning uchun ularning dvigatellari parvozlar xavfsizligini ta‘minlash uchun Fransiyaga ta‘mirlashga yuborilgan.
“Eng uzog‘i bilan bir oydan keyin bu samolyotlar parvozlarga qaytadi. Qish mavsumi — talab past bo‘lgan mavsum hisoblanadi. Samolyotlarning texnik holatidan kelib chiqib, biz ularni ta‘mirlashni aynan shu davrda [qishda] amalga oshiramiz. Yuqori mavsumda parvozlar sonini ko‘paytiramiz”, — dedi Xudoyqulov.
O‘tgan yilgi matbuot anjumanida Uzbekistan Airways rahbari ikkita ATR 72−600 samolyotini sotib olish rejalari haqida ma‘lum qilib, asosiy e‘tibor havo flotini kengaytirishga qaratilganini ta‘kidlagan edi.
2025-yil sentabr oyida Silk Avia O‘zbekistonning bir qancha shaharlariga parvozlarni ikki oyga bekor qildi va buni texnik sabablar bilan izohlagandi.
Avvalroq Uzbekistan Airways reyslar o‘sishi pasayganini samolyotlar yetishmasligi bilan izohlagandi.
