Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va O‘zbekistondagi Humans biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasining O‘zbekiston hukumatiga nisbatan da’vosi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (INHQXM) ro‘yxatga olingan. Bu haqda Humans matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Tribunal 7-yanvar kuni shakllantirilgan bo‘lib, u uch nafar arbitrdan iborat:

  • Ser Deniyel Betlexem (Daniel Bethlehem) — Ma’muriy kengash raisi tomonidan arbitraj raisi etib tayinlangan;
  • Anna Xoffman (Anne Hoffmann) — Humans (da'vogar) tomonidan ko‘rsatilgan;
  • Xorxe E. Vinuales (Jorge E. Viñuales) — O‘zbekiston (javobgar) tomonidan ko‘rsatilgan.

Humans manfaatlarini Peter & Kim xalqaro yuridik firmasi, O‘zbekistonnikini esa Curtis Mallet-Prevost Colt & Mosle yuridik firmasi himoya qiladi.

20-yanvar kuni Humans ta’minot choralarini qo‘llash bo‘yicha iltimosnoma kiritgan. Da’vogar yakuniy qaror chiqarilguniga qadar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida INHQXMdan vaqtinchalik choralar ko‘rishni so‘ramoqda.

Da’vo arizasiga asos sifatida 2003-yil 15-iyulda imzolangan va 2003-yil 23-noyabrda kuchga kirgan O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasidagi investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilgani keltirilgan.

Kompaniyaning Spot’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati bir qator davlat organlari va kompaniyalari, jumladan Markaziy bank va O‘zbektelekom, shuningdek sudlar, prokuratura hamda “O‘zbekiston hukmron elitasi a’zolari"ning xatti-harakatlari orqali “biznesga tizimli ravishda zarar yetkazmoqda”.

Humans O‘zbekistondagi biznesiga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilmoqda. Kompaniya zarar miqdorini aniq ko‘rsatmagan holda, uni yuz millionlab AQSH dollari deb baholamoqda.

“Humans Mobile O‘zbekistonga zamonaviy raqamli infratuzilma barpo etish maqsadida kirib kelgan. Biz kapital, texnologiyalar, tajriba va jamoamiz sadoqatidan iborat muhim uzoq muddatli majburiyatlarni zimmamizga olganmiz. Hukumat harakatlari o‘tgan yilga nisbatan tez o‘sishimizga to‘sqinlik qildi va sezilarli zarar yetkazdi. Bizning fikrimizcha, bu O‘zbekistonning Singapur bilan tuzgan bitimiga ko‘ra investitsiyalarni himoya qilish va qonun ustuvorligi bo‘yicha majburiyatlarini buzishdir. Biz iqtisodiy yo‘qotishlarimizni qoplash hamda investorlar uchun prognoz qilish imkoniyati va huquqiy aniqlikni saqlab qolish maqsadida adolatli kompensatsiya talab qilmoqdamiz” — dedi Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.

1995-yil 25-avgustda O‘zbekiston 1965-yildagi Davlatlar va ajnabiy shaxslar o‘rtasidagi investitsiyaga doir nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risidagi Vashington konvensiyasiga qo‘shilgan. Arbitrajning hal qiluv qarori taraflar uchun majburiy bo‘lib, uning ustidan apellyatsiya yoki boshqacha tarzda shikoyat qilinishi mumkin emas. Taraflarning har biri arbitraj qarori talablariga bo‘ysunishi va tegishli harakatlarni amalga oshirishi shart.

2025-yil may oyida Humans Mobile O‘zbekistonga qarshi da’vo arizasini berib, arbitraj jarayonini boshlagandi. Javobgar — Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi.

Avvalroq Spot Humansga firibgarlik tufayli 825 ta murojaat kelib tushgani haqida yozgandi.