Yangi suzish havzalarini qurish xarajatlari qoplab beriladi. Bu bo‘yicha tegishli reglament hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Unga muvofiq, talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Bunda mablag‘lar 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50%igacha, lekin 100 mln so‘mdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.
Talabgor soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdor bo‘lmasligi lozim. U qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi, shuningdek faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilmagan bo‘lishi shart.
Bundan tashqari, talabgor sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilinmagan bo‘lishi kerak.
Talabgor xarajatlarni qoplash uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona portal orqali Turizm qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi ilova qilinadi. Shu bilan birga, suzish havzasini qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi taqdim etiladi.
Shartnomaga muvofiq to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjatlar nusxalari qo‘shiladi.
Qo‘mita xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida mablag‘lar talabgorning hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Avvalroq mahalliy mahsulot sertifikatini rasmiylashtirish xarajatlari qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.
