Amazon kompaniyasi navbatdagi yirik qisqartirishlar bosqichi o‘tkazilganini tasdiqladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu jarayon doirasida butun dunyo bo‘ylab qariyb 16 ming kishi ishidan ayrildi.
Kompaniya buni boshqaruv tuzilmasini soddalashtirish, mas’uliyatni oshirish va byurokratiya darajasini kamaytirishga qaratilgan uzoq muddatli restrukturizatsiyaning bir qismi sifatida izohlamoqda.
Qaror haqida Amazon’ning xodimlar va texnologiyalar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Bet Galetti ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya boshqaruv pog‘onalari sonini qisqartirmoqda va jamoalarni optimallashtirmoqda.
Shu bilan birga, Amazon strategik jihatdan muhim yo‘nalishlarda xodim yollashni davom ettiradi, ommaviy va muntazam qisqartirishlar esa kompaniya rejasiga kirmaydi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, qisqartirishga tushgan AQSHdagi xodimlarga Amazon ichida yangi lavozim topish uchun 90 kun berilgan, shuningdek, ularga ishdan bo‘shatish nafaqasi, tibbiy sug‘urtani vaqtincha davom ettirish va ishga joylashishda yordam ko‘rsatiladi.
Biroq xodimlarning o‘zlari qisqartirish jarayonini kutilmagan va keskin bo‘lganini ta’riflamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ish kuni davomida korporativ elektron pochta bloklangani, kalendarlar o‘chirilgani va tizimlarga kirish huquqi yo‘qolgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.
Ishdan bo‘shatilgan xodimlar so‘zlariga ko‘ra, qisqartirishlar butun jamoalarni, jumladan tajribali muhandislar va daromadli bo‘linmalarni ham qamrab olgan.
Ayrim rahbarlar sabablar izohlanmasdan lavozimni tark etgan. Masofadan ishlovchi xodimlar esa qisqartirish to‘lqiniga birinchi bo‘lib duch kelganlar orasida bo‘lgan.
Kadrlar boshqaruvi bo‘yicha ekspertlar Amazon’ning ushbu yondashuvini tanqid qilib, jarayonda muloqot va shaffoflik yetishmasligini ta’kidlashmoqda.
Avvalroq Amazon jamoaviy da’voni hal qilish uchun mijozlarga $309 mln to‘lagani haqida xabar berilgandi.
Kompaniyasi qaytarilgan mahsulotlar uchun mijozlarga mablag‘larni noto‘g‘ri qaytarish bilan bog‘liq da’volarni hal etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
