2025-yilda elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 78 ta xorijiy kompaniyalar tomonidan 181,3 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 50% o‘sgan. To‘langan soliqlarning 93,05%i elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi quyidagi 10 ta xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bularning ichida Apple yetakchi — 49,5 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinda esa Meta — 49 mlrd so‘m. Kuchli uchlikdan Google joy olgan — 44,4 mlrd so‘m.
Shuningdek, OpenAI — 11,7 mlrd so‘m, Booking.com — 4,3 mlrd so‘m va O‘zbekistonda blokda turgan TikTok 3,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
O‘z navbatida, Netflix 1,8 mlrd so‘m, Acca 1,6 mld so‘m, Xsolla 1,5 mlrd so‘m va Amazon 1,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.
24-iyul kuni High Morale Developments Limited — Tencent Holdings kompaniyasining sho‘ba korxonasi — soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu kompaniya idora reyestridagi 72-chi xorijiy yuridik shaxs bo‘ldi.
2025-yil boshidan buyon ro‘yxatni Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, Bloomberg, Coursera, Canva, ivi.ru kabi 15 ta kompaniya to‘ldirdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylari davomida 8 ta kompaniya hisobdan chiqarilib, 23 ta kompaniya hisobga qo‘yilgan.
