1-fevraldan Toshkent metropolitenining 19 ta bekatida kassalar yopiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan:
- Chilonzor yo‘nalishida — Yangihayot, Sergeli, O‘zgarish, Chosh Tepa, Milliy bog‘, Mustaqillik maydoni, Amir Temur xiyoboni, Pushkin;
- O‘zbekiston yo‘nalishida — Do‘stlik, Mashinasozlar, Toshkent, Oybek, Kosmonavtlar, O‘zbekiston, G‘afur G‘ulom, Chorsu;
- Yunusobod yo‘nalishida — Turkiston, Shahriston, Bodomzor.
Kassalar ketma-ketlikda o‘z faoliyatini to‘xtatadi va ularning o‘rniga bir martalik QR-chipta beruvchi infokioskalar o‘rnatiladi.
“Keyingi bosqichlarda yo‘lovchilarning fikr va takliflari o‘rganilgan holda qolgan metro bekatlaridagi kassalar ham bosqichma-bosqich yopilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Hozirda yo‘lovchilar bank va transport kartalari, yuzni tanib olish (Face ID), kaft (Palm pay) hamda mobil ilovalar orqali 10 dan ortiq usullarda to‘lov qilishi mumkin mavjud.
2025-yilning iyulida metroning 13 ta bekatidagi ayrim kassalar naqd puldagi to‘lovlar uchun yopildi. Ayrim metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar xaridi keskin kamaygan. Ularning o‘rniga QR-chiptalarni sotib olish uchun maxsus terminallar o‘rnatiladi.
Avgust oyida Toshkent metrosidagi barcha kassalar yil yakuniga qadar yopilishi haqida xabar berilgandi. Dekabrga kelib yana 16 ta bekatda kassalar yopildi.
Avvalroq Toshkent metrosining 4 ta bekatida vestibyullar qayta ochilishi haqida xabar berilgan edi.
