Amir Usmanxodjayev — Toshkentdagi to go ichimliklar segmentida eng tez rivojlanayotgan loyihalardan biri hisoblangan Pipls tarmog‘ining hammuassisi. U sherigi Kirill Saydaxmedov bilan birgalikda brendni ishga tushirdi va u bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida bir nechta nuqtalardan iborat tarmoqqa aylandi. Hozirda loyiha hududlarda ham faol kengayib bormoqda.

Amir Spot’ga tadbirkorlik yo‘lida unga yordam bergan barqaror biznes-model izlashdan tortib, marketing, jamoa bilan ishlash va shaxsiy liderlikni anglashgacha bo‘lgan kitoblar bilan bo‘lishdi. Bu — o‘sish, tizimlilik va noaniqlik sharoitida biznes qurish haqidagi kitoblar.


books, kitoblar tavsiyasi, pipls

Amir Usmanxodjayev,

Pipls tarmog‘i rahbari va hammuassisi.

Menda kitoblarga qiziqish birdan paydo bo‘lmagan. Men hech qachon badiiy yoki klassik adabiyot ishqibozi bo‘lmaganman — o‘qish men uchun asta-sekin ehtiyojga aylangan.

Hammasi maktab davrida, taxminan 7−8-sinflarda boshlangan. O‘sha paytda ilk mustaqil qadamlarimni qo‘yib, kichik loyihalarni yo‘lga qo‘yishga harakat qilganman.

Tajriba va jarayonlarni chuqur tushunish yetishmagani sababli xatolarim ham ko‘p bo‘lgan. Aynan shu jarayonda o‘rganish, bilimni tizimli ravishda egallash va ishga puxta yondashish qanchalik muhimligini anglab yetdim.

Shundan so‘ng real keyslar va biznes jarayonlarga asoslangan kitoblar meni o‘ziga torta boshladi. Ular men uchun tajriba manbai, amaliyotning o‘rnini bosadigan muhim vositaga aylandi. Bunday kitoblar nafaqat bilim berdi, balki qiziqishimni ham oshirdi — ular boshqaruvni tezroq anglashimga va ongli, puxta qarorlar qabul qilishimga yordam berdi.

O‘qishni muhim deb bilaman, ammo aynan amaliy o‘qishni. Men uchun kitob — fikrlash doirasini kengaytiradigan, biznes keyslariga boshqa nuqtai nazardan qarash imkonini beradigan vosita. Boshqa tadbirkorlar qanday fikrlaydi, qanday qarorlar qabul qiladi va nima sababdan shunday yo‘l tutadi — aynan shu jihatlar qiziqtiradi. Bu esa o‘z navbatida yanada vazmin va asosli qarorlar qabul qilishimga yordam beradi. Shu sababli uydirma hikoyalardan ko‘ra, real tajribaga tayanganlarini ko‘proq qadrlayman.

O‘zimni an’anaviy ma’nodagi kitobxon deb ayta olmayman. O‘qish men uchun ongli va maqsadga yo‘naltirilgan jarayon. Biznesda aniq savol yoki vazifa paydo bo‘lganda o‘qiyman. Shunchaki bo‘sh vaqtni to‘ldirish uchun mutolaa qilmayman. Shu ma’noda o‘qish men uchun “jarayon uchun” emas, balki rivojlanish vositasi.

Shaxsiy to‘plamimni ham to‘liq kutubxona deb bo‘lmaydi — unda taxminan 10−15 ta kitob bor. Ularning barchasi biznes, moliya, boshqaruv, tadbirkorlik tafakkuri va masshtablash mavzulariga bag‘ishlangan. Badiiy adabiyot o‘qimayman.

Qog‘oz kitoblarni afzal ko‘raman — ular onlayn formatga nisbatan menga yaqinroq. Hayotimizning o‘zi allaqachon raqamli: ijtimoiy tarmoqlar, axborot oqimi, doimiy yangilanishlar. Qog‘oz kitob esa e’tiborni jamlashga yordam beradi. Unda muhim fikrlarni belgilash, g‘oyalar va keyslarni qayd etish qulay. Kerak bo‘lganda sahifani ochib, zarur joyga tezda qaytish mumkin.

Albatta, ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “Boy ota, kambag‘al ota”, “The 80/20 Principle” yoki marketingga oid kitoblarni ham o‘qiganman. Ular bazaviy va foydali asarlar. Ammo quyida men shaxsan o‘zim tavsiya qiladigan, amaliy qiymati yuqori bo‘lgan top-5 kitob haqida to‘xtalaman.


“Noldan biznes”, Erik Ris

Bu kitob bilan men hali boshqa davlatda yashab, O‘zbekistonda yangi loyihalar haqida o‘ylab yurgan paytim tanishganman. O‘sha vaqtda qarorlarni ko‘proq intuitiv qabul qilardim. Go‘yo juda ko‘p harakat qilayotgandek, loyiha ustida uzoq o‘ylayotgandek edim, lekin qaysi qaror to‘g‘ri va oqilona ekanini har doim ham anglamasdim.

Kitobning asosiy g‘oyasi shundaki, biznes — birinchi urinishdayoq ideal mahsulot yaratish emas, balki doimiy test qilish jarayonidir. Erik Ris an’anaviy yondashuvdan voz kechishni taklif qiladi: tadbirkorlar uzoq vaqt mahsulot ishlab chiqadi, katta resurs sarflaydi va faqat keyin bozorga chiqadi. Uning o‘rniga biznesni o‘rganish jarayoni sifatida qabul qilish kerak.

Kitob Build-Measure-Learn (yarat-o‘lcha-o‘rgan) sikliga asoslangan. Unda har qanday biznes avvalo gipotezadan boshlanishi va bu gipoteza imkon qadar tezroq real mijozlarda sinovdan o‘tkazilishi kerakligi tushuntiriladi. Buning uchun MVP — fikr-mulohaza olish uchun yetarli bo‘lgan minimal mahsulot versiyasidan foydalanish tavsiya etiladi.

Asarda nafaqat texnologik startaplar, balki an’anaviy kompaniyalar tajribasidan ham ko‘plab misollar keltiriladi. Ular vaqt va resurslarni tejagan holda g‘oyalarni real mijozlarda test qilishga erishgan. Ris alohida urg‘u beradigan jihatlardan biri — metrikalar masalasi: biznes haqiqiy o‘sishni aks ettiradigan ko‘rsatkichlarni o‘lchashi kerak, shunchaki “chiroyli raqamlar"ni emas.

Bu kitob aniq rejasi bo‘lmagan, endigina boshlayotganlar uchun juda mos. Chunki start bosqichida biznes hech qachon ideal bo‘lmaydi — har qanday sohadagi biznes inson va uning qarashlariga moslashadi. Bu kitobdan keyin xatolarga ancha xotirjam qaray boshladim. Uzoq o‘ylab, tayyorgarlikka berilib ketmasdan, loyihalarni ishga tushirish va jarayonda tuzatishdan qo‘rqmaslikni tavsiya qilaman.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls


“Avval o‘zingga to‘la”, Mayk Mikalovis

Bu kitob kichik va o‘rta biznesda moliyaviy boshqaruvga bag‘ishlangan bo‘lib, foyda bilan ishlashga sodda, ammo noodatiy yondashuvni taklif qiladi. Muallif tadbirkorlar orasida keng tarqalgan xatoga e’tibor qaratadi: avval xarajat qilish, foydani esa qoldiq asosida hisoblash.

Mikalovis bu mantiqni teskarisiga o‘zgartirishni taklif etadi — avval foydani rejalashtirish, so‘ng qolgan budjet doirasida biznes jarayonlarini shakllantirish. Bu yondashuv kompaniyaning moliyaviy barqarorligiga va xarajatlar intizomiga boshqacha qarash imkonini beradi.

Kitobda mablag‘larni shunchaki “cho‘ntaklar” bo‘yicha emas, balki aniq maqsadli hisoblar asosida taqsimlash tizimi batafsil tushuntiriladi: operatsion xarajatlar, soliqlar, foyda va egasining daromadi. Bu usul moliyaviy intizomni talab qiladi va tadbirkorni o‘z biznesiga nisbatan tizimli yondashuvga o‘rgatadi.

Asar sodda va amaliy tilda yozilgan, o‘qish oson. Uni mutolaa qilgan yosh tadbirkor biznes moliyaviy barqarorliksiz uzoqqa bormasligini aniq anglaydi. Har qanday o‘ylanmagan qaror “kassa uzilishi"ga olib kelishi mumkin.

Bu kitobni onlayn-do‘kon bilan shug‘ullangan davrimda o‘qiganman. O‘sha paytda tushumni foyda deb qabul qilib, xarajatlarni rejalashtirishga yetarlicha e’tibor bermasdim. Yosh edim. Kitob moliyaga nisbatan qarashimni o‘zgartirdi. Uni yo‘lini endi boshlayotgan, tez masshtablashni istagan va moliyaviy nazoratni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga tavsiya qilaman.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls


“Eng muhimini o‘lchang”, Jon Dor

Kitob OKR (Objectives and Key Results) tizimiga bag‘ishlangan bo‘lib, u dunyoning yetakchi kompaniyalarida maqsad qo‘yish va o‘sishni boshqarish vositasi sifatida qo‘llaniladi. Jon Dorr aniq belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va o‘lchanadigan natijalar yirik natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

Asarda ambitsiyali marralarning ahamiyati hamda jamoa ichidagi ochiqlik va uyg‘unlik masalasi yoritiladi. Google, Intel, YouTube kabi kompaniyalar misolida OKR tizimi rahbariyat va xodimlar harakatini bir yo‘nalishga jamlashga qanday yordam berishi ochib beriladi.

Muallif bir fikrni qat’iy ta’kidlaydi: niyat yetarli emas, har bir vazifa aniq mezonlar bilan mustahkamlanishi lozim. Raqamlarsiz taraqqiyotni boshqarib bo‘lmaydi.

Bu asar tizimli boshqaruv va strategik rejalashtirish bo‘yicha amaliy qo‘llanma hisoblanadi. U menga yo‘nalish va mezonlarsiz ishlash xavfini anglatdi — har bir maqsad jamoa uchun ravshan, tushunarli va natija bilan bog‘langan bo‘lishi shart.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls


“Pul psixologiyasi”, Morgan Hauzel

“Pul psixologiyasi” ro‘yxatdagi eng insoniy kitoblardan biri hisoblanadi. Unda odamlar pul haqida qanday fikrlashi va nima uchun klassik, ratsional moliyaviy modellarning har doim ishlamasligi ochib beriladi. Muallif moliyaviy qarorlarni inson omili, hissiyotlar va hayotiy tajriba nuqtai nazaridan tahlil qiladi.

Asar risk, sabr, omad, ishonch va xatolar haqida qisqa esselardan tashkil topgan. Muallif moliyaviy muvaffaqiyatning siri bilimda emas, balki xarakter, odat va intizomda ekanini ko‘rsatadi.

Tarixiy misollar orqali bir xil imkoniyatlar turli odamlar uchun turlicha natijalar berishini ko‘ramiz. Shu bois kitob shaxsiy va biznes moliyasi uchun ham foydali qo‘llanma hisoblanadi.

Kitob menga moliyaviy qarorlar shaxsiy tajriba asosida qabul qilinishini anglashga yordam berdi. Eng muhimi — o‘zingni tushunish va o‘z yo‘lingni boshqalar bilan solishtirmaslik.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls


“Har qanday narsani istalgan odamga qanday sotish mumkin”, Jo Jirard

Bu kitob savdo sohasining klassik asarlaridan biri hisoblanadi. Jirard tarixdagi eng muvaffaqiyatli sotuvchilardan biri sifatida mijozlar bilan munosabat qurish bo‘yicha amaliy tamoyillarni o‘rtoqlashadi.

Asarda ishonch, doimiy aloqa va mayda detallarga alohida e’tibor qaratiladi. Muallif savdoni bir martalik bitim emas, balki uzoq muddatli munosabat deb ta’kidlaydi. Reputatsiya, tavsiyalar va takroriy savdolar esa muvaffaqiyatning ajralmas qismi sifatida ko‘rsatiladi.

Kitob sodda tilda yozilgan va real misollar bilan boyitilgan. Asosiy g‘oya shuki: savdo manipulyatsiya emas, balki munosabatdir. Mijoz ehtiyojlariga samimiy qiziqish savdoni tabiiy jarayonga aylantiradi.

Men uchun bu kitob ishonch, ochiqlik va mijozlar bilan uzoq muddatli aloqalar haqida. Ayniqsa tovar biznesida ishlaydiganlar uchun foydali — muallif mahsulot emas, balki qadriyat va emotsiyani sotish kerakligini ko‘rsatadi.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls