Ertaga, 2-fevraldan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati tiklanadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Metan “zapravka"lar soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysidagi “zapravka"larning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanadi.

Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnika va jamoat transportlari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi.

Havo haroratining keskin pasayishi sababli 20-yanvardan boshlab aholi xonadonlari, tibbiyot va ta’lim muassasalarini gaz bilan ta’minlash uchun metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilgandi.

Metan “zapravka"larga cheklovlar

11-dekabr kuni Energetika vazirligi metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishini xabar qilgandi. Bunga qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya oqibatida O‘zbekistonda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. Vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda ishlar tashkil etilgan.

Undan keyin, hududlarda faoliyati cheklangan metan “zapravka"lar ish vaqti maʼlum qilindi. AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bois ko‘plab hududlardagi “zapravka"larda ish grafiklari o‘zgardi.

22-dekabrdan buyon barcha metan “zapravkalar” belgilangan vaqtlarda ishlayotgandi. 30-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab ular 24 soatlik ish rejimida faoliyat yurita boshladi.

8-yanvardan boshlab esa AGTKSHlar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yurita boshladi. Farg‘ona vodiysidagi “zapravka"larning ish vaqti esa hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishi bildirilgan.