Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng tadbirkorga qo‘llanilgan jarima bekor qilindi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Biznes-ombudsman devoniga Qoraqalpog‘istonda transport xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi T.A. korxonasi rahbari murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida korxonaga nisbatan BHMning 300 baravari (123,6 mln) miqdorida jarima qo‘llanilgan.

Vazirlik bunga haydovchining belgilangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqqanini sabab qilib ko‘rsatgan. Holat esa “litsenziyasiz faoliyat yuritish” deya baholangan.

Biznes-ombudsman tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar ushbu jarima qarori “Litsenziyalash, ruxsat etish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonun ga zid ekanligini ko‘rsatdi.

Xususan, korxonaga tegishli litsenziya varaqalari mavjud bo‘lgan. Yo‘nalish sxemasini o‘zgartirish esa litsenziyasiz faoliyat sifatida tasniflanishi mumkin emas. Qonunning 52-moddasiga binoan, jarima faqat litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz faoliyat yuritganlik uchun belgilanadi.

Ikkinchidan, jarima qo‘llash muddatlari buzilgan. Qonunning 53-moddasiga ko‘ra, vakolatli organ huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab 5 ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart. Mazkur holatda esa qaror huquqbuzarlik aniqlanganidan 6 oy 9 kun o‘tib qabul qilingan.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor manfaatida ma‘muriy sudga kiritilgan arizaga asosan qo‘llanilgan jarima bekor qilindi.

Avvalroq Biznes ombudsman fermerlar yerlari olib qo‘yilishi bo‘yicha holatni o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.