Toshkent shahri aholisi o‘z uylari yaqinidagi pulli parkovkalardan foydalanish uchun rezidentlik ruxsatnomasini onlayn va bepul rasmiylashtirishi mumkin. Bu haqda Yagona portal xabar berdi.
Ruxsatnomani olish uchun my.gov.uz portaliga kirib, Poytaxt Parking rezidentlik ruxsatnomalarini olish xizmatini tanlash lozim.
Shundan so‘ng so‘ralgan ma‘lumotlarni to‘ldirish orqali ariza yuborish mumkin.
Ariza tasdiqlangach, ruxsatnomadan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Mazkur ruxsatnoma 1 yil davomida amal qiladi. Bitta xonadon manziliga 2 tagacha ruxsatnoma beriladi.
Dekabr oyida pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalarining narxi belgilangandi. Unga ko‘ra, kunduzi (soat 8:00 dan 20:00 gacha) to‘xtash joyi uchun rezidentlik ruxsatnomasi narxi yiliga BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) ni tashkil etadi. Tungi vaqtda (20:00 dan 8:00 gacha) avtoturargoh bepul bo‘ladi.
2025-yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.
Sentabr oyida pulli “parkovka"lar uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishi ma’lum bo‘ldi.
Yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.
Avvalroq yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlarga oid noto‘g‘ri maʼlumotlarni tuzatish tartibi tasdiqlangandi.
