Avvalroq prezidentning 2026−2027-yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, Baxmal, Forish, Zafarobod, Arnasoy, G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlarida yangi sayyohlik majmualari barpo etiladi.
Obyektlarni qurish ishlarining buyurtmachisi sifatida Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi Jizzax viloyatida turizm loyihalari va infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamenti davlat muassasasi ish olib boradi.
2027-yil oxirigacha turizmga ixtisoslashtirilgan tumanlarda yer maydonlarini sotishdan tushgan mablag‘lar departament faoliyatini moliyalashtirish va sayyohlik majmualarini infratuzilma bilan ta‘minlashga yo‘naltiriladi. Idora loyihalar, bosh rejalar va texnik topshiriqlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga kompaniyalar va maslahatchilarni jalb etishi mumkin bo‘ladi.
Zafarobod tumanidagi Chimqo‘rg‘on mahallasida 115 gektarga ekoturizm majmuasini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Uni qurish uchun majmua hududidagi Aydar-Arnasoy ko‘llari qirg‘og‘i bo‘ylab muhofaza zonasini 200 metrdan 100 metrgacha qisqartirishga ruxsat beriladi.
Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda viloyat hokimligi BAAdagi hamkorlar bilan birgalikda Arnasoy aeroportini kengaytirish choralarini ko‘radi. Loyihaga kiritiladigan investitsiyalar hajmi $11 mlnga baholanmoqda.
Shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘oqlari bo‘ylab 207 gektar maydonda yangi sayyohlik obyektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Arnasoy tumani tarkibiga Tuzkon ko‘li bo‘yida joylashgan, hozirda Forish tumaniga qarashli 22 ming gektar yer maydoni o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Zomin tumanidagi Duoba va Qayirma mahallalarida yangi sayyohlik hududini tashkil etish rejalashtirilgan. Unga O‘rmon agentligi balansida bo‘lgan, o‘rmon ekilmagan 81,7 gektar yer maydoni ajratiladi.
Avvalroq Navoiy aeroporti Uzbekistan Airports tarkibidan chiqib, loyihaviy boshqaruvga o‘tishi haqida xabar berilgandi.
