Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Navoiy xalqaro aeroportining asosiy ko‘rsatkichlari 2025-yilda 2024-yilga nisbatan o‘sganiga qaramasdan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha maksimal quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, texnika parki, yuk va yo‘lovchi terminallarini modernizatsiya qilish, faoliyat jarayonlarini raqamlashtirish zarurligi bildirildi.

Taqdimotda Navoiy xalqaro aeroportini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish taklif etildi.

Aeroportni Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatining markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratgan holda, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

Aeroport daromadlarini uning infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish, havo kemalarini taʼmirlash va bo‘yash xizmatlarini joriy etishga yo‘naltirish orqali aviatsiya xizmatlari eksportini oshirish vazifalari belgilandi.

Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes rejasi to‘g‘risida axborot berildi. Unga ko‘ra, tijorat va noaviatsion faoliyat ko‘rsatkichlari 50%ga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyalarning doimiy parvozlari yo‘lga qo‘yilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.

Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin bojxona zonasini tashkil etish taklif qilindi.

2029-yil 1-yanvarga qadar havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, hududdagi mehmonxona aeroport tasarrufiga o‘tkazilishi belgilandi.


Avvalroq O‘zbekistondagi 5 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinishi va xususiy boshqaruvga berilishi haqida xabar berilgandi.