Uzbekistan Airways 2030-yilgacha aviaparkini kamida ikki barobarga ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Hozirgi kunda Uzbekistan Airways aviaparkida 47 ta havo kemasi mavjud. Aviakompaniya Airbus bilan 14 ta, Boeing bilan esa 22 ta samolyot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolagan. Bundan tashqari, joriy yilda tashuvchi yana to‘rtta samolyotni lizingga oladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Airbus samolyotlarini yetkazib berish uch yilga cho‘ziladi: 2028-yilda kompaniya to‘rtta, 2029-yilda oltita, 2030-yilda esa yana to‘rtta samolyot qabul qiladi.

“Biroq bu 2028-yilgacha qo‘l qovushtirib o‘tiramiz degani emas. Biz allaqachon bu bozorni o‘rganishni boshladik. Bu yil rejalashtirilgan to‘rtta samolyot bilan chegaralanib qolmaymiz — biz undan ham ko‘proq qilishni xohlaymiz, chunki bozorda [tashuvlarga] haqiqiy talab borligini ko‘ryapmiz. Bularni hisobga olgan holda, 2030-yilga qadar Uzbekistan Airways aviaparki kamida ikki barobarga ko‘payadi”, — dedi Xudayqulov.

2022-yilning kuzida O‘zbekiston Airbus bilan Uzbekistan Airways uchun 694,3 mln yevro evaziga 12 ta samolyot — sakkizta A320neo va to‘rtta A321neo, shuningdek, 21 mln yevro evaziga ikkita H145 vertolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Yana beshta ATR-72 samolyoti Silk Avia mintaqaviy aviatashuvchisi uchun mo‘ljallangan edi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Uzbekistan Airways Boeing bilan 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ularni yetkazib berish 2030-yil oxirida boshlanib, 3−4 yil davom etadi. Aviakompaniya bitimni moliyalashtirish uchun kredit mablag‘larini jalb qiladi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va 2030-yilgacha rivojlanishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilab berdi:

  • mahalliy aviakompaniyalarning jami samolyot parkini 180 taga yetkazish;
  • mahalliy va xalqaro reyslar yillik sonini 200 mingtaga yetkazish;
  • yo‘lovchilar oqimini yiliga 24 mln kishiga yetkazish.

Avvalroq Uzbekistan Airways reyslar o‘sishi pasayganini samolyotlar yetishmasligi bilan izohlagandi.