Navoiyda atmosferani ifloslantirayotgan Qizilqum fosforit kompleksi korxonasining 2 ta ishlab chiqarish sexi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Ekoqo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Konimex tumanida joylashgan korxonaga tegishli ishlab chiqarish sexlarida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar meʼyordan ortiq chiqarilganligi aniqlandi.
Xususan, 28-sonli manbadan chiqarilgan fosforit changi belgilangan meʼyordan 3,5 barobar yuqori ekanligi qayd etildi.
Bundan tashqari, korxona tomonidan Konimexda joylashgan Tashkura karyerida noruda qazilmalarini qazib olish va foydalanish uchun “Atrof muhitga taʼsirini baholash arizasi” ishlab chiqilgan. Biroq hozirgi kungacha Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi rasmiylashtirilmagan.
Aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish uchun korxonaning 2 ta ishlab chiqarish sexi faoliyati 10 kunga to‘xtatildi.
Tekshiruvda aniqlangan atmosfera havosini ifloslantirish, oqova suvlar oqizish va chiqindilarni joylashtirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jami 2,04 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.
Shu bilan birga, 5 nafar masʼul mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
To‘plangan hujjatlar maʼmuriy chora ko‘rish maqsadida Konimex tuman sudiga yuborildi.
2025-yilning noyabrida Toshkent va uning atrofida atmosferaga zarar yetkazayotgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatilgandi.
Yanvar oyida atmosferaga zarar yetkazayotgan issiqxonalar jarimaga tortilayotgani haqida xabar berilgandi. Jumladan, dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 37 ta issiqxona egalariga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 46 ta issiqxona faoliyati to‘xtatildi.
Shuningdek, sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish boshlangandi. Jarayon doirasida Toshkentdagi 87 ta korxona modernizatsiya sharti bilan ko‘chiriladi, O‘zikkilamchiranglimetall esa Jizzax viloyatiga ko‘chirilishi belgilangan.
Avvalroq Samarqandda noqonuniy qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 422 mlrd so‘m zarar yetkazilgandi.
