Alphabet, Amazon, Meta va Microsoft 2026-yilda sun’iy intellekt sohasidagi “poyga” uchun jami $650 mlrdga yaqin mablag‘ sarflashni mo‘ljallamoqda.

Qayd etilishicha, kompaniyalarning har biri rekord darajadagi kapital xarajatlarni rejalashtirgan, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.

Mazkur mablag‘lar yangi ma’lumotlar markazlari qurilishiga va ularning ishlashi uchun zarur bo‘lgan uskunalar, jumladan chiplarga yo‘naltiriladi. Umumiy hisobda xarajatlar 2025-yilga nisbatan qariyb 60% ga oshadi.

“Ushbu to‘rtta kompaniya sun’iy intellekt hisob-kitoblarini taqdim etish poygasini g‘olib hamma narsani oladigan yangi bozor sifatida ko‘rmoqda. Va ularning hech biri mag‘lub bo‘lishga rozi emas”, — dedi DA Davidson tahlilchisi Gil Luriya.

Meta kompaniyasining kapital xarajatlari 2026-yilda taxminan $135 mlrdni tashkil etadi — bu yillik 87%lik o‘sishni anglatadi. Microsoft 2026-yil iyun oyigacha $105 mlrd sarflashni rejalashtirmoqda (+66%).

Alphabet xarajatlari $185 mlrdgacha yetadi, bu kompaniyaning 2025-yildagi xarajatlaridan ikki barobar ko‘pdir. 2026-yil uchun eng katta kapital xarajatlarni Amazon rejalashtirib, taxminan $200 mlrd (yiliga +50%) sarflamoqchi.

Shu bilan birga, Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, Amerikaning 20 dan ortiq yirik kompaniyalari, jumladan, avtomobil ishlab chiqaruvchilar, mobil operatorlar va chakana sotuvchilar 2026-yilda jami $180 mlrdga yaqin mablag‘ sarflaydi. Ular orasida, masalan, Walmart, Exxon Mobil va Intel bor.

“Katta to‘rtlik” IT-kompaniyalarining xarajatlari sun’iy intellektga asoslangan yakuniy mahsulotlar kelajakda “eksponensial darajada yuqori” daromad keltirishiga bo‘lgan ishonchga asoslangan.

Shu bilan birga, investorlar kapital xarajatlarning o‘sishi fonida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqdalar — garchi kompaniyalarning asosiy biznesi, jumladan, reklama va elektron tijorat barqaror bo‘lib, kutilganidan yuqori foyda keltirmoqda.


Avvalroq Google foydalanuvchilarga smartfonni SI orqali boshqarishga ruxsat berishi haqida xabar berilgandi.

Sun’iy intellekt agenti xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin, uning ish natijalari uchun javobgarlik esa qurilma egasi zimmasida qoladi.