Metropolitenda harakat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli qonun qabul qilindi.

Ushbu hujjat bilan boshqa ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi. Mazkur huquqbuzarlik mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat hamda tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisalar yuzasidan maʼlumotlarni qasddan yashirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi. Bunda ularga BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima solish nazarda tutilmoqda.

Avtomobil transportida tegishli guvohnomasiz yo‘lovchi tashish, yo‘l haqi tariflarini asossiz oshirish, shuningdek tasdiqlangan qatnov jadvali va yo‘nalish sxemasiga rioya etmaslik qonunbuzarlik sifatida belgilanmoqda. Ushbu holatlar uchun BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llash nazarda tutilgan.

Ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida O‘zbekistonda tezyurar poyezdlardagi yo‘lovchilar oqimi 2030-yilga kelib ikki barobarga oshishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, prezident Transafg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha bitimni tasdiqlagani haqida yozgandi.