Prezidentning “og‘ir” mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish orqali kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz‘da eʼlon qilindi.
Qaror bilan kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta mahallada kichik quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish orqali aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlash ko‘zda tutilgan.
“Og‘ir” mahallalarga daromad keltiradigan aktiv sifatida 300−500 kVt soat quvvatdagi kichik quyosh elektr stansiyalari barpo etiladi. Loyihani moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan $110 mln mablag‘ ajratiladi.
Energetika, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bir oy muddatda tegishli prezident qarori loyihasini ishlab chiqishi lozim. Hujjatda stansiyalarni loyihalash, davlat ekspertizasidan o‘tkazish, pudratchini tender orqali aniqlash va qurilish-montaj ishlarini tashkil etish tartibi belgilanadi.
Shuningdek, kichik quyosh elektr stansiyalarini boshqarish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘larni taqsimlash masalalari ham nazarda tutiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda mazkur stansiyalarni qurish uchun zarur yer uchastkalarini Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi.
Yer ajratish bilan bog‘liq hujjatlarni tayyorlash va ekologik ekspertiza xulosalarini taqdim etish Kadastr agentligi hamda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Energetika vazirligi esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birga 2026-yil yakunigacha loyiha doirasida bajarilgan ishlarni qayta hisob-kitob qilib, zarur bo‘ladigan qo‘shimcha mablag‘lar yuzasidan hukumatga taklif kiritadi.
23-yanvar kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 903 ta og‘ir mahallada 300 kVtli kichik quyosh stansiyalari bepul o‘rnatilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonliklar 2025-yilda quyosh energiyasini sotib qancha daromad olgani haqida yozgandi.
